Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov o`zining Facebook`dagi sahifasida xalq ta`limi tizimi rivojiga to`siq bo`layotgan muammolar haqida fikr bildirdi.
“Prezidentimiz tomonidan jamiyatda o`qituvchilarning obro`sini oshirish bo`yicha aniq topshiriq berildi. Hozirda tegishli hujjatlar loyihalari tayyorlanmoqda.
Hozirgi vaqtda afsuski respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o`qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud va 66 ming nafardan ortiq oliy ta`lim diplomiga ega bo`lmagan o`qituvchilar maktablarda faoliyat yuritishmoqda. Ular orasida erkak o`qituvchilar ulushi 30 foizdan kam ekan. Toshkent shahrida esa bu ko`rsatkich atigi 10 foizni tashkil etadi!
Bu muammolarning asosiy sababi maktab ta`limi tizimidagi xodimlarning oylik maoshlarining o`ta past ekanidir. Oxirgi uch yillikni sarhisob qiladigan bo`lsak, umumiy o`rta ta`lim sohasida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning oylik maoshlari eng past bo`lib, o`sish sur`ati ham boshqa soha vakillari maoshlariga solishtirganda ancha past bo`lgan. Natijada 2016 yilda maktab ta`limi sohasidagi o`rtacha oylik Moliya sohasinikiga nisbatan atigi 48 foizni tashkil etgan bo`lsa, bu yilga kelib 42 foizgacha kamayganini ko`rish mumkin.
Shuningdek, joylarda maktab ta`limi tizimi xodimlariga majburiy obuna (200 tadan ortiq gazeta-jurnallarga), turli xil tadbirlarga majburiy chiptalar sotish, maoshidan yana boshqa turli xil majburiy ushlanmalarni olib qolinishi natijasida o`qituvchilarning shundoq ham kam bo`lgan oylik maoshlari undanda kamayib ularning qo`ligacha etib boryapti.
Keyin esa hayron bo`lamiz: nega ta`limda ota-onalardan turli xil yig`imlar ko`paygan, ta`lim tizimi sifati tushib ketgan, bolalarning tarbiyasi yomonlashayapti, ularni orasida jinoyat ortayapti, o`z joniga suiqasd qilish hollari ko`paymoqda deb...
Hamma o`z ishi bilan ovora bo`lib, farzandlarini asosiy vaqtini maktabda o`tkazishini inobatga olsak, aynan maktabda yaxshi bilim va tarbiya olgan bolalar kelgusi hayotida muvaffaqiyatga erishish imkoni kengroq bo`lishini tushunib etishimiz kerak. Yaponiya, Singapur, Koreya kabi davlatlarning rivojlanishining siri ham aynan o`qituvchilarning oylik maoshlari yuqori qilib belgilangani va har bir o`qituvchi o`rniga o`nlab talabgorlar borligidadir.
Shu fursatdan foydalanib, hurmatli moliyachilarimizdan Prezidentimiz tomonidan qo`yilgan ushbu vazifaning echimiga bu safar boshqacha yondashishlarini, avvalgidek turli bahonalar topish emas, balki qo`yilgan vazifani ijobiy echish yo`llarini topishga harakat qilishlarini so`rab qolamiz.
Ta`lim sohasidagi holatni haqiqiy o`zgartirish uchun Xalq ta’limi vazirligi - Ministerstvo narodnogo obrazovaniya tizimi xodimlarining oylik maoshlarini bir necha foiz emas, balki bir necha barobar oshirish zarur! Bu o`z navbatida joylardagi iste`mol talabining ko`payishi hamda iqtisodiyotda faollikning oshishiga turtki bo`ladi.
Davlat aynan ta`limga asosiy sarmoya kiritishi, boshqa sohalarga esa xususiy sektor sarmoya kiritishiga sharoit yaratishi kerak. Davlat ishlab chiqarishda yomon boshqaruvchi ekanligini yillar davomida samarasiz bo`lgan milliardlab dollarlik markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshirilgan investisiya loyihalari misolida ko`rsa bo`ladi.
Shunday ekan avvalgi xatolarni qaytarmasdan, balki inson kapitaliga investisiya kiritish to`g`riroq bo`ladi.
Yoshlarimizni bilim olishga qiziqishlari ortishi uchun ular hayotda o`qituvchilari boshqa soha vakillaridan ko`ra ancha yaxshi yashayotganini ko`rishlari shart! Lekin hozir joylarda o`rtacha o`qituvchining sharoiti bilan o`rtacha moliyachining sharoitini solishtirib bo`larmikin...”, deydi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov.







