AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi xususiy maktablar bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda

'Xalq ta`limi vazirligi xususiy maktablar bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda'ning rasmi

Joriy yilning 11 iyul kuni Xalq ta`limi vazirligida xususiy maktablarning mutasaddilari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda xususiy maktablarni rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi. Xususan, dividendlar olish imkoniyati yo`qligi, soliq imtiyozlari mavjud emasligi, o`quv korpuslari va binolarni ijaraga olish, qonunchilikdagi mavjud bo`shliqlar sabab xususiy maktablar maktab bitiruvchilariga attectat bera olmasligi kabi muammoli holatlarga to`xtalib o`tildi. Shuningdek, o`qituvchilarning malaka oshirish institutlarida malaka oshirishi masalasi muhokama qilindi.

O`z navbatida Xalq ta`limi vaziri nodavlat ta`lim muassasalarini rivojlantirishda, jumladan, davlat-xususiy hamkorligi ko`rinishida yordam ko`rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, mavjud quvvatidan o`quvchi soni kam bo`lgan maktablarda davlat-xususiy hamkorligini yo`lga qo`yib, xususiy investorlar tomonidan maktabda mavjud o`quvchilarga bepul ta`lim berish javobgarligini olishi kabi xorijiy davlatlarda mavjud tajribani qayd etildi. Shundagina, xususiy investor bino quvvatidan yanada samarali foydalanish uchun investisiya kirita oladi, mazkur mikrohududdagi o`quvchilar, ayniqsa kam ta`minlangan oila farzandlari avval imkoniyatlari etmagan sifatli ta`limni ortiqcha xarajatlarsiz olish imkoniyatiga ega bo`lishadi.

Vazir bunday yondashuv byudjet mablag`larining bir qismini ozod qilib, ularni boshqa davlat ta`lim muassasalarini, shu jumladan, chekka tumanlardagi maktablar va maktab filiallarini takomillashtirishga yo`naltirish imkonini berishini ta`kidlab o`tdi. Yig`ilishda shuningdek, malaka oshirish markazlarini davlat-xususiy hamkorligi ko`rinishida tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Taraflar bugungi kunda o`quv-metodik jarayonini rivojlantirish, davlat ta`lim standartlari, darsliklar va o`quv-metodik qo`llanmalarni yaratishdagi bo`shliqlarni alohida qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha Xalq ta`limi vazirligi bilan xususiy maktablar vakillari o`rtasida yuqorida aytib o`tilgan muammolarni hal etishda va xalq ta`limi tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha tayyorlanayotgan qaror loyihalariga takliflar kiritishda yaqin hamkorlik qilish bo`yicha kelishuvga erishildi. Tadbir ishtirokchilari Xalq ta`limi vazirligi rahbariyatiga mavjud muammolarni hal qilishda hamda ta`limni rivojlantirish bo`yicha zamonaviy usullarni qo`llash bo`yicha hamkorlik va qo`llab-quvvatlashgani uchun o`z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar