O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qarorida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko`chalaridan biriga adib nomini berish belgilangan edi.
Kuni kecha bo`lib o`tgan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o`ttiz sakkizinchi sessiyasida ushbu masala atroflicha ko`rilib, Yunusobod tumani hududida joylashgan Bodomzor yo`li ko`chasiga buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nomini berish to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumot o`rnida: Ch.Aytmatov O`zbekiston Respublikasining «Do`stlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg`iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi «Oltin medal» mukofoti ta`sis etilgan.







