Bugun 12 iyul kuni taxminan soat 13:47da Toshkent shahar IIBB YoXBga Yunusobod tumani Yunus ota ko`chasida joylashgan “Kristall” supermarketining 4-qavatida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar kelib tushdi. Ma`lumotga ko`ra, binoning faqat 1-qavati ishlayotgan bo`lgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xabar qilmoqda.
Voqea joyiga 5 daqiqada birinchi yordamchi kuchlar etib keldi, jami bo`lib 6 ta jangovar maxsus o`t o`chirish mashinasi va ikkita yong`in narvonlaridan foydalanildi. Soat 14:11da yong`in jilovlandi va soat 14:18da butunlay bartaraf etildi. Yong`in xavfsizligi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida olov binoning boshqa qavatlariga tarqalmadi va hech kim jarohatlanmadi. Yong`in sabablari o`rganilmoqda.







