Ma`lumotlar uzatish tarmog`i, shu jumladan Internet xizmatlarini ko`rsatish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Mazkur hujjatga asosan ma`lumotlar uzatish tarmog`i orqali ma`lumotlar uzatish tarmog`i xizmatlarining quyidagi turlari taqdim etilishi mumkin:
— ma`lumotlar uzatish tarmog`idan foydalanish (turli standartlar bo`yicha), trafik tranziti, shuningdek ma`lumotlar uzatishning xalqaro tarmoqlaridan, jumladan Internetdan foydalanish;
— real vaqtda axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish;
— elektron xabarlar qabul qilish va uzatish (shu jumladan, elektron pochta);
— konfidensial axborotni kriptografik va boshqacha muhofaza qilish;
— kichik (quyi) tarmoq ajratish;
— domen va domen nomlari tizimini ro`yxatga olish va olib borish;
— IP-adres ajratish va tutib turish;
— IP-telefoniya va IP-televidenie (IPTV);
— xosting xizmatlari.
Qoidalarga asosan Wi-Fi xizmati tashkilotchisi cheklangan doiradagi foydalanuvchilarga pulsiz yoki pullik asosda Wi-Fi xizmatlari ko`rsatishi mumkin. Foydalanuvchilarning cheklangan doirasini aniqlash shartlari Wi-Fi xizmati tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
Qoidalarga muvofiq Wi-Fi xizmati tashkilotchisi operator yoki provayder bilan birgalikda mavjud konstitusiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etishga, urush, zo`ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi axborotni, shuningdek pornografiyani targ`ib qilishga qaratilgan axborotning va tarqatilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa axborotning tarqatilishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan choralarni ko`rishi lozim.
Iste`molchi ma`lumotlar uzatish tarmog`i xizmatlarini ko`rsatish muddatlari buzilganda, shuningdek bajarilgan ishlar va ko`rsatilgan xizmatlar sifati shartnoma shartlarida belgilanganidan past darajada bo`lganda quyidagilarni talab qilishga haqli:
kamchiliklarini bepul bartaraf etish;
operator yoki provayder bilan kelishuv bo`yicha ma`lumotlar uzatish tarmog`i xizmati ko`rsatilishi mumkin bo`lgan yangi muddatni belgilash;
ma`lumotlar uzatish tarmog`i xizmatining narxini qayta hisoblashni talab qilish.
Ma`lumotlar uzatish tarmog`ida yuzaga kelgan shikastlanishlar shartnomada belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, operator, provayder abonentning talabiga ko`ra shartnomada belgilangan miqdorda jarima (penya) to`laydi.
Operator, provayder tomonidan jarima (penya) to`langanligi ularni shartnoma bo`yicha zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
Operator, provayder, Wi-Fi xizmati tashkilotchisi o`z ixtiyorida bo`lmagan ma`lumotlar uzatish tarmog`ining resurslari, serverlari va segmentlari mazmuni, ulardan foydalanish imkoniyati va ishlash qobiliyati uchun javobgar bo`lmaydi.
Quyidagi ma`lumotlar operator yoki provayder tomonidan abonentning so`roviga muvofiq 24 soat mobaynida hech qanday cheklovlarsiz taqdim etilishi shart:
— ma`lumotlar uzatish tarmog`ining ko`rsatiladigan xizmatlari to`g`risidagi;
— ma`lumotlar uzatish tarmog`idan foydalanish xizmatlariga bo`lgan tariflar to`g`risidagi;
— abonentga uning shaxsiy hisobvarag`ining holati va ma`lumotlar uzatish tarmog`i xizmatlaridan foydalanish haqini to`lash bo`yicha qarzdorlik to`g`risidagi, jumladan abonentga ulangan xizmatlar: ma`lumotlar uzatish vaqti, tezligi, olingan va (yoki) uzatilgan axborot hajmi, shuningdek limitlangan trafikli tariflardagi trafik qoldig`i to`g`risidagi;
— texnik nosozliklar to`g`risidagi.






