AsosiyShou-biznes

Dilorom OMONULLAEVA: “Shou-biznes haqiqiy biznesga aylanib qolgan”

Loyihaning navbatdagi qahramoni taniqli bastakor,  O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi, "Do`stlik" ordeni sohibasi, bastakorlar uyushmasi kengash a`zosi va O`zbekiston Davlat Konservatoriyasining estrada xonandaligi kafedrasi mudirasi, professor Dilorom OMONULLAEVA. Bu ijodkorning “ochiq xat”i bugungi shou-biznes vakillarini hursand qiladi, deyolmaymiz...

“Bastakorlik bu — hunarmadlik emas!”

Bastakorlik bu — kasb emas, hayot tarzi. Chunki u Xudo tomonidan yuqtirilgan bo`ladi. Yoshligidan san`at muhitida voyaga etib, eng muhimi, maktab va ustoz ko`rgan kishigina professional bastakor bo`la oladi. Bastakorlikka hayotingizni bag`ishlab, iste`dodingizni  rivojlantirishingiz kerak, boisi u fidoiylikni talab etadi. Bugungi kundagi professional bastakorlar deya, Rustam Abdullaev, Mustafo Bafoev, Oydin Abdullaeva, Alisher Ikromov kabi o`z ishining ustalarini ayta olaman, xolos. Ochig`i, bastakorlik maktabi qulayotgan binoga o`xshab qolgan. Shu sabab ham yosh bastakorlar orasida falonchi fidoiylik bilan ijod qilyapti, deyolmayman. Professional musiqa qadrlanmayapti, chunki yosh bastakorlar san`atini hunarmadchilikka almashdi. Musiqa san`atining rivojiga hissa qo`shish o`rniga hunarmanddek ijodini pullayapti. Aksariyat yoshlar uchun shifokor, o`qituvchi kabi sohalar obro`li kasb bo`lmay qoldi. Ular nufuzni boy bo`lish bilan belgilab olishgan. Qaerda ko`proq pul topish mumkin bo`lsa, o`zini o`sha yoqqa uryapti. Vaholanki, hammaning o`ziga yarasha iste`dodi bor. “Moda”da orqasidan quvmay, kasb tanlashga jiddiy yondashish kerak. Toki “tanlagan kasbim rivojiga hissa qo`sha olamanmi?” “jamiyatga foydam tegadimi?” kabi savollarga javob topa oling!

“San`atga shou-biznesning “loyqa”lari aralashdi”

Bugun klassik musiqani tinglamay qo`yishdi, quloq engil-elpi xirgoyilarga o`rganib qoldi-da! San`atni suvga qiyoslayman. Shaffof suv kishiga foyda beradi. Biroq ximikatga to`la loyqa suv esa zarardan boshqa narsa emas. San`atga shou-biznesning “loyqa”lari aralashib, muxlislar ongini zaharlayapti. Ular qanday “suv” ichayotganini bir o`ylab ko`rishsa maqsadga muvofiq bo`lardi. Chunki shou-biznes haqiqiy biznesga aylanib qolgan. Unda san`at emas, pul etakchilik qilyapti.

“San`atda bunday “xonanda”lar nima qilyapti”

Xonandalar g`ururlanib, “xit” qo`shiq yozdim”, deyishadi. Kechirasiz-u, yaqin yillarda birorta “xit” qo`shiq eshitganim yo`q. Ularning qo`shiqlari she`ri kundalik so`zlashuvdan olingan, musiqasi o`g`irlangan, ijrosi esa sariq chaqaga arzimaydi. Kamiga rusiyzabon xonandalar til sofligi, she`riyat semantikasini buzib kuylashyapti. Ularning qilayotgan ishini professional ijro, deb bo`lmaydi. Bemaza qovunning urug`idek kundan kunga ko`payishyapti, xolos. Ko`pchiligining hatto musiqiy savodi ham yo`q. Shuning uchun ham tor doiralarda nom chiqarib yuraverishadi. Yaqinda Munisa Rizaevaning qo`shiqlarini eshitib, asabiylashib ketdim. Fikrlash qobiliyati, yaxshigina ovozga ega-ku, lekin be`mani qo`shiqlar kuylaydi. Unga to`g`ri yo`nalish beradigan ustoz kerak. “Ummon” guruhi-chi, nima haqda kuylayotganini o`zi bilarmikan? “Mana man, mana san, endi nima qilamiz...” bu qanday qo`shiq?! San`atda bunday “xonanda”lar nima qilyapti, tushunmayman.

“Mashxur xonandalar xalqaro tanlovlarda o`zini namoyon eta oladimi?”

Yoshlar haqida gap ketganda talabalarim Sagdiana, Sevara Nazarxon, Manzura Yo`ldosheva, Lola Ahmedova, Dilnoza Ismiyaminova, Yulduz Turdieva, Madina Mumtoz, Xulkar Abdullaeva, Diana Ziyatdinova, rahmatli Laylo haqida to`xtalishim mumkin. Bularning bari juda iste`dodli, o`z ustida ishlab, ma`lum bir darajaga erisha olgan san`atkorlar. Ayniqsa ayol san`atkorlarda shaxsiy hayot ko`pincha ijodini oqsashiga olib keladi. Malasan, Sagdiana shaxsiy hayoti bilan o`ralashib, anchagina fursatlarni boy berdi. Ijodini qayta yo`lga qo`yib olishi kerak. Ayni damda Sogdiana bilan hamkorlikda yangi dastur ustida ishlayapmiz.

Talabalarim bilan juda faxrlanaman. Ular orasida Sogdiana, Xurshid Inog`omov (Matin), Aysel Balich, Diana Ziyatdinova, Liliya Fatxulina, Begzod Baxromov xalqaro darajaga chiqa olishdi. Iyun oyida Matin Bolgariyada o`tgan Xalqaro estrada xonandalari ko`rik tanlovida faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritdi. Ayniqsa, Sevara Nazarxon yuqori natijalarga erishdi, bunday iste`dod egalari sanoqli. Sevara o`zbek estradasida yangi yo`nalish — “etno-jaz”da ijod qilib, o`zini ko`rsatgan yagona xonanda. U qadimgi qo`shiqlarni o`zbek milliy musiqa asboblari orqali zamonaviy talqinda ijro eta oldi. 2002 yili Buyuk Britaniyada  dunyo miqyosida tanlov o`tkazgan. Unda Sevara “Osiyo va Afrika mamlakatlaridagi eng yaxshi xonanda” nomiga sazovor bo`ldi. Shu o`rinda Yulduz Turdievaning yutuqlarini ham e`tirof etish joiz. 2009 yil Ozarboydondad o`tkazilgan “Xalqaro mug`om festivali”da g`olib bo`lib keldi. Negadir Sevara va Yulduzning bu kabi yutuqlari kamdan kam tilga olinadi. Aksincha, ovozi yo`q “xonanda”lar tildan tushmay qolgan. Masalan, nomi chiqqan mashhur xonandalar yuqoridagi kabi xalqaro tanlovlarda o`zini namoyon eta olarmikin? To`g`ri, u iste`dodli ijodkor, aktrisalik mahorati kuchli. Lekin unda xonandalikka da`vogarlik qiladigan darajada ovozi yo`q. Bu kabi xonandalar bir kunlik umrga ega qo`shiqlar kuylash bilan ovvora. Ertangi avlod ularning birorta qo`shig`ini maroq bilan tinglamasligiga ishonaman. Birorta qo`shiq 1992 yillarda Kumush Razzoqova kuylagan “Yomg`ir yog`di”, “Men seni hech kimga bermayman”, “Siz yoqqansiz menga hamisha”, “Saratonim ketdi” kabi qo`shiqlardek mashhur bo`la olganini eslolmayman. Bu qo`shiqlar hech qanday reklamasiz o`z tinglovchisini topgan. Mana haqiqiy ijod!

“Xonandaga bu yozuv uyat emasmi?”

Yoshligimda “Do, re, mi, fa, sol” nomli musiqiy ko`rsatuv bo`lardi. U erda professional ijod haqida so`z borardi, baxslar uyushtirilardi. Istagim, hozir ham shunday ko`rsatuvlar tashkil etilsa. TVda tashkil etilgan jonli ijrodagi “Oltin mikrofon” ko`rsatuvi borligi kishini hursand qiladi. Jonli ijroda gap ketganda, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan tashkil etilgan “Mardi maydon” va “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko`rik tanlovlari haqiqiy ijodkorlarni kashf etyapti. Aslini olganda ko`pchilik xonandalar jonli ijroda qo`shiq kuylolmaydi! Texnikaning rivojlangani ijodkorlarni dangasa qilib qo`ydi. Hatto to`ylarda fonogrammaga og`zini qimirlatib, pulini olib ketyapti. Bu g`irromlik, odamlarni aldash emasmi? Konsert banerlariga “fonogrammadan foydalaniladi” deb yoziladi. Xonandaga bu yozuv uyat emasmi? Chet elda muxlislar fonogrammada qo`yilgan konsert uchun pul to`lamaydi.

“Falonchining shogirdiman”, deyishadi”

Shou-biznesdagi yana bir oqsoqlik, ustoz-shogirdchilik an`analari yo`q, uning o`rnini biznes egalladi. Ko`pchilik xonandalar “Falonchining shogirdiman”, deyishadi. Yo`q, “Falonchining yo`nalishida qo`shiq kuylayman, uning ijodidan tarbiya olganman”, desa to`g`ri bo`ladi. Masalan, men Betxoven, Shopen, Raxmanin, Bax kabi ijodkorlarning asarlarida tarbiyalanganman. Lekin “Baxning shogirdiman”, deyolmayman-ku! Ovozni yo`naltirib, qo`shiq kuylash texnikasini o`rgatgan odamgina ustoz sanaladi.

“Professional ijodkor bilan havaskor bitta sahnada turibdi”

Nazarimda, badiiy kengashlarni qayta tashkil qilish kerak. Avvallari professional shoir, bastakor, xofizlar badiiy kengash a`zolari sifatida oldin qo`shiq she`ri, so`ng musiqasini ko`rib chiqishardi. Undan keyingina xonandaning jonli ijrosi tinglanardi. Xonandalarda “qo`shig`im badiiy kengashdan o`tarmikan?” degan hadik bo`lardi. Rosti, bugun musiqiy kanalni ko`rib, faqat asabiylashaman. Professional ijodkor bilan havaskor bitta sahnada turibdi. Bunga yo`l qo`yish kerak emas! Badiiy kengash tashkil etish orqali haqiqiy iste`dodlarni tanlab olib, yosh avlodni professonal musiqa bilan tarbiya topishiga hissa qo`shishimiz shart. Axir shahar bedarvoza emas-ku!     

“Professional xonandalarni tarbiyalaymiz”

Xorijdagi bir qancha Konservatoriyalarda mahorat maktabini o`tib qaytdim. U erda estrada fakulteti yo`q, hatto bu yo`nalishda ishlay oladigan mutaxassislar ham topilmas ekan. Bizning Konservatoriyada esa musiqaning barcha sohalaridagi ta`lim yo`nalishlari bor: klassik, an`anaviy, zamonaviy ijrochilik. O`zbekiston Davlat Konservatoriyasida talabalar professional asarlar asosida o`qitiladi. Estrada xonandaligi kafedrasi har yili 4 ta: “O`zbek asarlarining eng yaxshi ijrochisi”, “G`arbiy Evropa va rus asarlarining eng yaxshi ijrochisi”, “Estrada va jaz vokalizlarining eng yaxshi ijrochisi”, “Vokal ansamblidagi eng yaxshi ijro” tanlovlari o`tkaziladi. Mazkur kafedra xalqaro o`quv standartlariga mos ravishda kadrlar tayyorlaydi. Bu talabalar bemalol dunyo miqyosida o`z san`atini namoyish eta oladi.    

Yosh ijodkorlarga tavsiyam, o`zingizga talabchan bo`ling. Eng muhimi, kasb tanlayotganda xatoga yo`l qo`ymay, iste`dodingizni to`g`ri yo`naltiring. Bugungi kuningiz o`tishinigina emas,ertangizni ham o`ylang. Ortga nazar tashlaganingizda afsus-u attanglar qurshovida qolmang. Xurmat bilan Dilorom Omonullaeva.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar