Bolalar va yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma`naviy saviyasini yuksaltirish bugungi kunning muhim talablaridan biridir. Kitob yoshlardagi bilim va ko`nikmalarni shakllantirish, ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish va turli zararli oqimlar ta`siriga tushib qolmasliklarining oldini olishda muhim vosita hamdir. Zero, tanlovning o`tkazilishidan ko`zlangan asosiy maqsad shu aslida.
Yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan.«Yosh kitobxon» tanlovining yoshlar hayotida katta burilish yasagani, mana shu tanlov orqali yurtimizda kitobga bo`lgan mehrni shakllanayotgani bu yilgi tanlovni ham yuqori saviyada o`tkazish, keng ommani jalb qilgan holda tashkil etish, eng asosiysi, shaffofligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchi mavsumda ham «Yosh kitobxon» tanlovi yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o`qishga da`vat etish hamda ularning intellektual salohiyati va ma`naviy saviyasini yuksaltirishdek buyuk maqsadiga, albatta, erishadi.
Hozirda tanlovga tayyorgarlik ayni avj pallasida.
Ertaga, 12 iyul kuni soat 07:00da barcha hududlarda tanlov o`tkazish uchun shay etib qo`yilgan auditoriyalarga elektron test dasturlari etkaziladi. Dastur paroli muxrlangan konvert kuzatuvchilar, mahalliy tashkiliy qo`mita a`zolari va OAV vakillari ishtirokida ochiladi va soat 08:00ga qadar auditoriyadagi barcha kompyuterlarga o`rnatiladi.
Test sinovlari soat 9:00 da belgilangan auditoriyada boshlanadi hamda tanlov ishtirokchilari sonidan kelib chiqib, soat 18:00 gacha davom etishi mumkin.
Tanlov ishtirokchilari o`z xohishiga ko`ra o`zbek yoki rus tilida test sinovlaridan o`tishlari mumkin.
«Yosh kitobxon» tanlovining 3 yosh toifasi bo`yicha saralash bosqichlari shu tartibda ketma-ket uch kunda o`tkaziladi.
Barcha ishtirokchilarga omad tilaymiz!






