Jizzax viloyati Mirzacho`l tumanidagi “Samad” fermer xo`jaligining g`allasi o`rilgan 14 gektar maydoniga o`t qo`yib yuborildi. Bu haqda O`zA xabar qilmoqda.
Hosili yig`ishtirib olingan maydonlardagi somonni yoqib yuborish hududdagi boshqa xo`jaliklarda ham sodir etilgan.

“Laziz-Azizbek” fermer xo`jaligi dalasining yong`indan keyingi holati. “Jenes” fermer xo`jaligining yongan dalasi.

Bunday ayanchli manzarani “Sangzor chamani” va boshqa fermer xo`jaliklari dalalarida ham ko`rish mumkin.
“Qahramon Rasul ota” fermer xo`jaligi dalasida o`zini “cho`ponman” deb tanishtirgan mana bu yigitni raisning topshirig`i bilan dalaga o`t qo`yayotgan paytda suratga olib, o`t o`chirish bo`limiga xabar qildik. Natijada yong`in bartaraf etildi.

— Mavsum boshida barcha fermer xo`jaliklari rahbarlari bo`sh qolganmaydonlarni yondirmaslik to`g`risida ogohlantirilgan va bu haqda arizalarham olingan, - deydi tuman yong`in xavfsizligi bo`limi boshlig`i Akrom Samiev. — Shunga qaramasdan, hududda 8 marta g`allasi o`rilgan maydonga o`t qo`yish holati kuzatildi. Ushbu holatlar bo`yicha chora ko`rish uchun tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasiga xabarnoma jo`natilgan.
Tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig`i Rahmatilla Asqarov bu masalada hech qanday chora ko`rmagani, chunki hududni aylanib chiqish uchun ulovi yo`qligini bildirdi. Mamlakatimizda er unumdorligini oshirishga alohida e`tibor qaratilayotgan bir paytda tumanda bu ahvolga e`tibor berilmayotgani ajablanarli. Bunga tuman rahbarlari, soha mutasaddilari nima der ekan?






