Poytaxtimizda og`ir atletika bo`yicha yoshlar o`rtasida jahon chempionati davom etmoqda.
Qizlar o`rtasida -63kg vazn toifasidagi bahslar yakunlandi. Unda yurtimiz sharafini himoya qilgan Kumushxon Fayzullaeva bir yo`la uchta medalga ega chiqdi, deb xabar berdi MOQ.
Hamyurtimiz dast ko`tarishda 94 kg. tosh ko`tardi va bronza medalini qo`lga kiritdi. Siltab ko`tarishda esa 120 kg. og`irlikni o`ziga bo`ysundira olgan Kumushxon oltin medal sohibasiga aylandi. Umumiy hisobda 214 kg. natija ko`rsata olgan Kumushxon Fayzullaeva ikkikurash yakunlariga ko`ra ham oltin medalga sazovor bo`lib, jahon chempionligini tantana qildi.
Eslatib o`tamiz, ikki kun avval musobaqada yigitlar o`rtasida -62 kg. vazn toifasida Adhamjon Ergashev har uchchala yo`nalishda (dast ko`tarish, siltab ko`tarish va umumiy natija) oltin medalga sazovor bo`lib, yoshlar o`rtasida jahon chempionligiga erishgandi.








