Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 2018/2019 o`quv yilidan oliy ta`lim muassasalarida to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatining oshirilishini izohladi.
2018 yilning 1 sentyabridan oliy ta`lim muassasalarida to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymati miqdorlarining oshganligi sababli Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi talabalar va ularning ota-onalari e`tiboriga quyidagi ma`lumotlarni etkazadi.
Oliy ta`lim muassasalarida o`qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya`ni 91 foizini ish xaqi va stipendiya to`lovlari tashkil etishi inobatga olinib, to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymati respublikadagi eng kam ish xaqi miqdoriga bog`landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.
Amaldagi to`lov-kontrakt qiymatlari 2016/2017 o`quv yili uchun belgilangan bo`lib, 2017/2018 o`quv yilida ushbu qiymatlar o`zgarishsiz qoldirildi.
2018 yil 1 sentyabrdan amaldagi to`lov-kontrakt qiymatlari miqdorlari o`rtacha 18,5 foizga yoki ta`lim yo`nalishlariga qarab 12,3 foizdan 24,7 foizgacha oshirildi.
Yuqoridagilarga asosan yangi o`quv yilida to`lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksasiya qilishda, asosiy omil sifatida, o`tgan o`quv yillarida stipendiya va ish haqi miqdorlarining 2016 yil 1 oktyabrdan 15 foizga, 2017 yil 1 dekabrdan 15 foizga oshganligi lekin to`lov-kontrakt miqdorlarining oshirilmaganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, to`lov-kontrakt miqdorini o`rtacha 18,5 foizga oshirishda 2018 yil 15 iyuldan respublikada ish xaqi va stipendiya miqdorlarining 7 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari oylik maoshlarini o`rtacha 25 foizga oshirilganligini qisman qoplash lozimligi,aks holda yangi o`quv yilining yakuniga kelib oliy ta`lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag`lari bo`yicha tegishli xarajatlar uchun mablag`lar etishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.
Bugungi kunda bir nafar talabani o`qitishning o`rtacha xarajati 10,5 mln.so`mni tashkil etgani holda, to`lov-kontrakt qiymati miqdori o`rtacha 8,7 mln.so`m etib belgilanmoqda.
Alohida ta`kidlash lozimki, talabalarga, ularning davlat granti yoki to`lov-kontrakt shakli asosida o`qishidan qat`iy nazar, har oyda stipendiya to`lab boriladi. Hozirgi vaqtda stipendiyaning o`rtacha oylik miqdori 466 ming so`mni yoki yiliga 5,6 mln. so`mni tashkil etadi va u o`qitish qiymati miqdoriga to`liq kiritiladi. Bunda to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatining 45-80 foizini stipendiya tashkil etadi (talaba “a`lo” bahoga o`zlashtirsa jami 7,5 mln.so`m stipendiya oladi), ya`ni talabaga o`zi tomonidan o`qish uchun to`langan mablag`ning taxminan yarmi yoki undan ko`pi o`quv yili davomida oylik stipendiya ko`rinishida qaytariladi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga, shu jumladan o`qish uchun to`lov shakli, talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ta`lim olish uchun ish xaqidan yo`naltiriladigan mablag`larga qo`llaniladigan imtiyoz va engilliklar qo`llash tartibiga taalluqli, shuningdek ta`lim krediti va boshqa savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma`lum qiladi.
11.07.2018 05:01
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi to`lov-kontrakt narxi oshirilishini izohladi






