2018 yil 10 iyul kuni “Eng ulug`, eng aziz” respublika tanlovi tashkiliy qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari S.Shukurov yig`ilish ishtirokchilariga joriy yilda “Eng ulug`, eng aziz” respublika tanlovi “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilishini, tanlovning viloyat bosqichlari avgust oyining
15 sanasiga qadar, respublika bosqichini O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yillik tantanalari arafasida o`tkazilishi maqsadga muvofiq ekanligini ta`kidladi.
Yig`ilishda O`zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko`chimov, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, “O`zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov, O`zEOAVMA Boshqaruvi raisi o`rinbosari – bosh direktori Sh.G`ulomov hamda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipovlar so`zga chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonlaridan mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan o`tkazgan tarixiy uchrashuvida belgilab berilgan vazifalari ijrosini ta`minlashda ijod ahli biroz ortda qolayotganligini ta`kidlab, bu borada hamqadam va hamnafas bo`lish uchun yanada ko`proq izlanish va ijod qilish lozimligini alohida qayd etishdi.

Shuningdek, so`zga chiqqanlar “Eng ulug`, eng aziz” respublika tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimini noan`anaviy tarzda, har yilgidan o`zgacha va ko`tarinki ruhda tashkil qilish hamda o`tkazish kerakligini, taqdirlash marosimi nafaqat tanlov g`oliblari, balki tadbir ishtirokchilari uchun chin ma`noda esda qolarli bo`lishi zarurligini aytib o`tishdi.
Shu o`rinda qayd etish lozimki, mazkur tanlov O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda.

Tanlovga “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassam etgan va 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining ma`no-mazmuniga muvofiq yaratilgan, davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yish, inson manfaatlarini ta`minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yorituvchi; tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning mazmun-mohiyatini hayotiy misollar orqali ochib beruvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.
“Eng ulug`, eng aziz” tanlovi quyidagi nominasiyalar bo`yicha o`tkaziladi:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro`yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;
– televidenie va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy san`at, foto asarlari va dizayn ishlari;
– kino san`ati asarlari.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
– muallif va uning professional faoliyati to`g`risida qisqacha ma`lumot;
– muallifning pasporti nusxasi;
– ish joyidan tavsiyanoma;
– muallifning manzili va bog`lanish telefonlari.
Tanlovga 2017 yilning 1 avgustidan 2018 yilning 1 avgustigacha bo`lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e`lon qilingan maqolalar, radio va televidenie kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san`at va kino san`ati asarlari joriy yilning 3 avgustigacha qabul qilinadi.
Tanlov g`oliblari Vatanimiz mustaqilligining yigirma etti yillik bayrami arafasida mukofotlanadilar va ularning ro`yxati matbuotda e`lon qilinadi.
Ijodiy ishlar “Eng ulug`, eng aziz” tanloviga deb ko`rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100129, Toshkent shahri, Navoiy ko`chasi, 30-uy.
O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi,
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,
O`zbekiston “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi.
Telefonlar: 244-12-61; 244-64-61; 244-11-64.






