Andijonda 1000 nafardan ortiq kishining muzqaymoqdan zaharlanishiga sababchi bo`lgan “Maks Krem” kafesi direktoriga nisbatan Jinoyat ishlari bo`yicha Bo`z tuman sudi tomonidan hukm o`qildi.
Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati Bo`z tuman sudi ma`lumotiga asoslanib Uz24 xabar berdi.
Bultirboev Jaxongirmirzo Jamoldin o`g`li 2015 yil 20 aprelda Andijon tumani yagona darcha markazi tomonidan berilgan guvohnomaga asosan yakka tartibda tadbirkor sifatida Shahrixon shahar A. Temur ko`chasida joylashgan “Maks Krem” nomli muzqaymoq kafesida aholiga muzqaymoq sotish faoliyati bilan shug`ullanib kelgan.
2017 yil 14-15 may kunlari xavfsizlik talablariga javob bermaydigan muzqaymoq mahsulotlarini o`tkazish maqsadida ishlab chiqarib, Shahrixon shahar A.Temur ko`chasida joylashgan “Maks Krem” nomli muzqaymoq kafesida aholiga sotganligi natijasida mazkur muzqaymoqni iste`mol qilgan jami 1073 nafar fuqaroning zaharlanishiga sababchi bo`lgan (FVV xabarida 212 nafar fuqaro zaharlangani ma`lum qilingandi — tahr.).
Andijon viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazining 2017 yil 16 maydagi yozma ma`lumotiga ko`ra, J. Bultirboev xavfsizligi kafolatlanmagan muzqaymoq mahsulotlari sotib kelganligi, freyzer apparati va boshqa ish qurollarini yuvishda zararsizlantiruvchi vositalardan foydalanilmaganligi, bu bilan Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan 0310-14 sonli “Umumiy ovqatlanish shoxobchalariga sanitariya-gigienik talablar” sanitariya me`yor va qoidalari talablariga, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to`g`risida”gi Qonunning 7, 14-bandlari, “Aholi sanitariya epidemiologik osoyishtaligi” Qonunining 24-moddasi talablariga rioya qilinmagan holda faoliyat ko`rsatganligini ma`lum bo`lgan.
Sud hukmi bilan J. Bultirboevga nisbatan 2 (ikki) yil sinov muddati belgilandi.






