Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumani Xalq ta`limi bo`limiga qarashli 247-sonli umumta`lim maktabi direktori Tulametova fuqaro Almasovadan farzandini maktabning 1-sinfiga o`qishga qabul qilish evaziga 500 ming so`m pora olayotgan vaqtda qo`lga olindi.
Toshkent milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji direktorining ma`naviy-marifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Vahobova esa o`qishni oilaviy sharoitlar tufayli tamomlay olmagan Qoraboevga mazkur kollejni bitirganlik to`g`risidagi diplomni rasmiylashtirib berish evaziga undan 400 ming so`m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
"Axir Vahobova ma`naviy-marifiy ishlar bo`yicha o`rinbosar bo`la turib yoshlarimizni shu yo`lga boshlashini qanday izohlash mumkin?", — deya savol berdi ko`rsatuv muallifi kadr ortida.
Teledasturda ta`lim dargohidagi poraxo`rlik hatto o`quvchilarga ham o`tayotgani alohida ta`kidlab o`tildi.
"Ustozim shu ishni qilgandan keyin men ham shunga qo`l ursam degan fikr hali ongu-shuuri to`liq shakllanmagan bolaning xayolidan o`tadida", — deyiladi ko`rsatuvda.
Xususan, Chilonzor tuman tibbiyot kolleji talabasi mazkur kollejda o`qituvchi bo`lib ishlovchi tanishi Malikov orqali fuqaro Malikovani ikkinchi mutaxassisligi bo`yicha ushbu kollejga o`qishga kiritib qo`yish evaziga undan 500 AQSh dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtida departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, "O`zbekiston 24" telekanali tomonidan tayyorlangan mazkur ko`rsatuvda oliy ta`limga kiritib qo`yaman deb, pulni sanab olayotgan vaqta bir qator firibgarlar ham qo`lga olingani haqida xabar berildi.






