O`zbekiston Matbuot axborot agentligi tomonidan xorijiy davlatlar kompaniyalari bilan birgalikda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko`rsatish tizimini takomillashtirish va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida faol hamkorlik olib borilmoqda.
Shunday loyihalaridan biri Janubiy Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Milliy umumta`lim elektron kutubxona” loyihasidir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasining iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik Fondining moliyaviy ko`magida “Milliy umumta`lim elektron kutubxona” loyihasini birinchi navbatda amalga oshirishga doir qaroriga asosan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida Agentlik tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida Raqamlashtirish va skanerlash hamda Multimedia markazlari tashkil etilmoqda.
Mazkur loyihaga asosan o`zbekistonlik mutaxassislar uchun Koreya Respublikasida joriy qilingan elektron kutubxona faoliyati, uning texnik tizimi, ilmiy-ta`limiy axborot ma`lumotlarini foydalanuvchilarga etkazib berish, undan foydalanish hamda boshqaruvini tashkil qilish bo`yicha o`quv-trening mashg`ulotlarini o`tkazish rejalashtirilgan.
O`zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev boshchiligidagi o`zbek delegasiyasi 2018 yil 9-15 iyul kunlari Seul shahrida o`tkazilayotgan seminar-treninglarda ishtirok etib, bu borada Janubiy Koreya tajribasini o`rganishmoqda.

Alohida qayd etish kerakki, ushbu xalqaro seminar-trening O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning ijrosini ta`minlash, elektron turdagi axborot-kutubxona resurslarini ko`paytirish va ulardan internet tarmog`i orqali foydalanish dasturini ishlab chiqish, elektron nusxalar hamda multimedia mahsulotlaridan masofadan turib foydalanishda jahon tajribasini o`rganish va mamlakatimizdagi kutubxonalar faoliyatiga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.






