Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operasiyalarini amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatdan o`tkazildi, deb xabar bermoqda vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali.
Nizomda shikastlangan chet el valyutasini muomalaga yaroqli deb topish asoslari ham ko`rsatilgan.
Xususan, quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo`lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to`lov vositasi hisoblanadi:
- tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo`lsa;
- enining (bo`yining) to`rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo`lsa;
- qo`yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo`lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo`lsa;
- mayda dog`lar, yozuvlar, shtamp izi (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan oshmagan bo`lishi lozim) bo`lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy himoya belgilaridan birining 50 foizidan ortig`ini to`sib qo`ymagan bo`lsa;
- banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ko`p bo`lmagan teshiklar bo`lsa.
Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operasiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo`l qo`yilmaydi.






