AsosiyJamiyat

Aholining ijtimoiy zaif qatlamiga qanday imkoniyatlar berilgan?

'Aholining ijtimoiy zaif qatlamiga qanday imkoniyatlar berilgan?'ning rasmi

Iqtisodiyot vazirligida Prezidentimizning 2018 yil 11 iyundagi “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta`minlashni rag`batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tadbirda mamlakatimizda aholining ijtimoiy zaif qatlami, xususan, nogironligi bo`lgan shaxslar bandligini ta`minlash orqali ularning farovonligini oshirish, ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishda mazkur qaror muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda jami kvotalangan ish o`rinlari soni – 103 mingtani tashkil etib, shundan 15,6 mingtasi nogironlar uchun ajratilgan. Ayni paytda davlat pensiyasi bilan ta`minlangan nogironligi bo`lgan shaxslarning 13,6 ming nafari rasmiy mehnat faoliyati bilan shug`ullanib kelmoqda.

2017 yilda 3 ming 602 nafar nogironligi bo`lgan shaxs bandlikka ko`maklashish markazlari tomonidan kvotalangan ish o`rinlariga joylashtirildi. Joriy yilning shu davriga qadar bu ko`rsatkich 858 tani tashkil etdi.

Qarorga muvofiq, alohida toifadagi tadbirkorlik sub`ektlariga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berilgan. Jumladan, xaridor tomonidan investision va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob`ektlarini “nol” qiymatda sotish bo`yicha o`tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko`ra, tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o`rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo`yicha ustuvorlik huquqi beriladi hamda davlat mulki ob`ekti uchun ijara to`lovini ushbu ob`ektga nisbatan eng kam ijara to`lovi stavkasining 50 foizi miqdorida to`laydi.

Bundan tashqari, tovar va xizmatlardan tushgan daromadning kamida 20 foizini Brayl alifboli kitob va boshqa bosma materiallar, imkoniyati cheklangan bolalar uchun adabiyotlar chop etish, ishora tilini qo`llagan holda audio kitob hamda videomateriallar tayyorlashga sarflagan ishbilarmonlar hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarining kamida 30 foizi ijtimoiy zaif qatlamdan iborat bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari uchun imtiyoz va preferensiyalar mavjud.

Hujjatda bu kabi tadbirkorlik sub`ektlariga aylanma mablag`ini to`ldirish uchun – uch oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha muddatga hamda asbob-uskunalar va kerakli materiallar xarid qilish uchun – olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar