Ramazon hayiti munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga xorijiy mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlaridan tabrik maktublari kelmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jumladan, AQSh Prezidenti Donald Trampning qutlovida bunday deyilgan:
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Amerika xalqi nomidan Melaniya va men Sizga va O`zbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarimizni yo`llaymiz.
Ramazon oyining yakunlanishini nishonlar ekanmiz, adolat va rahm-shafqatga asoslangan Islom dinining qo`shnilarga yordam berish va turli e`tiqoddagi insonlar bilan rizqini baham ko`rishdek muqaddas an`anasini yanada teran anglaymiz. Iyd al-Fitr bir-birini qo`llab-quvvatlash va barchaning o`z salohiyatini to`laligicha yuzaga chiqarish imkonini beradigan jamiyat barpo etish mas`uliyatini yodga soladi.
Amerika Qo`shma Shtatlari ko`plab din vakillari, shu jumladan, mamlakatimizga muhim hissa qo`shgan va qurolli kuchlarimizda munosib xizmat qilgan amerikalik musulmonlarning ham yurtidir.
Men dunyodagi barcha musulmonlarga o`zimning eng samimiy tabriklarimni yo`llayman. Ushbu bayram kunlarida va kelgusi yilda ularga sihat-salomatlik va farovonlik tilayman. Ramazon hayiti muborak!
Hurmat bilan,
Donald J.Tramp, AQSh Prezidenti
Shuningdek, quyidagilar o`z tabriklarini yo`llagan:
Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev;
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov;
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev;
Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz as-Saud;
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisining o`rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz as-Saud;
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla Ikkinchi bin al-Husayn;
Falastin Davlati Prezidenti, Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qo`mitasi raisi Mahmud Abbos;
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Yusuf Al-Usaymin.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.






