AsosiyJamiyat

Sud Tojiniso aya foydasiga hal bo`ldi

'Sud Tojiniso aya foydasiga hal bo`ldi'ning rasmi

Chirchiq shahrida fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasining sayyor sud majlisi bo`lib o`tdi. Unda fuqarolik ishlari bo`yicha Chirchiq tumanlararo sudining fuqaro Tojiniso Nabievaga uy-joyga egalik huquqini belgilash haqidagi hal qiluv qaroriga nisbatan Chirchiq shahar prokurori tomonidan keltirilgan kassasiya protesti ko`rib chiqildi.

Chirchiq shahar Sportchilar ko`chasidagi 36-uyning 2-xonadoni aslida marhuma A.Belyaevaga tegishli bo`lib, u 1994 yilda vafot etganidan so`ng uy egasiz qoladi. Mahalla faollari tomonidan 1996 yilda ushbu xonadonning qarovsiz qolgani va marhumaning qarindosh-urug`lari topilmagani sababli uy-joyga muhtoj bo`lgan fuqaro T.Nabieva mazkur uyga kiritiladi.

– Qariyb 22 yildan buyon ushbu xonadonda yashayman, – deydi T. Nabieva. – O`tgan mana shu yillar mobaynida xonadonning kommunal va soliq to`lovlarini o`z vaqtida to`lab keldim. Uyga egalik huquqi belgilash yuzasidan sudga murojaat qildim.

O`zA xabariga ko`ra, 2018 yil 24 yanvar kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Chirchiq tumanlararo sudi tomonidan T.Nabievaning arizasi ko`rib chiqiladi va sud tomonidan fuqaroga o`zi istiqomat qilib kelayotgan uyga nisbatan egalik huquqi belgilanadi.

Keng jamoatchilik, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o`tgan ochiq sayyor sud majlisida fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasi fuqarolik ishlari bo`yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2018 yil 24 yanvardagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilishi yuzasidan ajrim qabul qildi.

    Boshqa yangiliklar