Milliy olimpiya qo`mitasi aholi o`rtasida sportni ommalashtirish, ularni sportga qiziqtirish maqsadida joylarda sportning har bir turi bo`yicha sport sayllari o`tkazadi.
Kecha ana shunday tadbirlarning dastlabkisi poytaxtimizdagi G`ofur G`ulom istirohat bog`ida O`zbekiston WTF assosiasiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O`zbekiston taekvondo WTF terma jamoasi a`zolari ishtirokida master-klass namoyish etib berildi. Fristayl pumse bo`yicha Osiyo chempioni Iroda Umrzoqova, bronza medali sohibasi Aynura Umrzoqova, kerugi bo`yicha ko`p karra xalqaro musobaqalar sovrindorlari Nurlan Boyxo`jaev, O`zbekiston chempionati sovrindori Muhammadamin Alievlar yig`ilganlarga o`z mahoratlarini namoyish etdilar.
Tashkilotchilar aynan mana shunday chiqishlar orqali istovchilarni taekvondo WTF sport turiga jalb qilishni o`z oldilariga maqsad qilib qo`yganlar. Sog` tanda – sog`lom aql demakdir. Zero, mana shunday sayllar orqali xalq orasida sportga qiziqish yanada kuchayadi. Hali bunday sayllar yana ko`plab sport turlari bo`yicha tashkil etilishi rejalashtirib qo`yilgan.






