Jizzax viloyati Forish tumani hokimligi, prokuraturasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo`limi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 44 korxona-tashkilot va muassasa 123 bo`sh ish o`rni bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada qatnashgan 126 nafar ishga talabgor fuqaroning 98 nafari kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir. 66 nafar fuqaroga o`zlari tanlagan kasb va mutaxassislik bo`yicha tumandagi korxona-tashkilot va muassasaga ishga yo`llanma berildi, deb xabar bermoqda O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi "O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida"gi qaroriga muvofiq 50 nafar fuqaro haq to`lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.
– Davlatimiz tomonidan chekka hududlarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotgani tufayli tumanimizda yirik ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilib, ish o`rinlari yaratilmoqda, – deydi tuman bandlikka ko`maklashish markazi rahbari o`rinbosari T.Rahmatov. – “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilayotgan Oqtom va Xonbandi qishloqlarida ham yangi ish o`rinlari paydo bo`ldi. Yarmarkada band bo`lmagan fuqarolarni ish bilan ta`minlashda ushbu yangi imkoniyatlardan foydalandik.






