AsosiyJamiyat

Samarqandda 52 xonadon ehtiyojmandlarga bepul berildi

'Samarqandda 52 xonadon ehtiyojmandlarga bepul berildi'ning rasmi

Valeriya Demyanenko Samarqand shahridagi 11-mehribonlik uyida tarbiyalangan. So`ngra Samarqand san`at kollejida o`qishni davom ettirgach, ushbu muassasa yotoqxonasida yashagan. Ayni paytda Toshkent shahridagi Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil oladi. Lekin hozirgacha o`z uy-joyiga ega emas edi.

Muborak Ramazon oyi davom etayotgan qutlug` kunlarda Valeriyaning orzusi amalga oshdi. Samarqand shahridagi uy-joyga ehtiyojmand, nogironligi bo`lgan, kam ta`minlangan 51 kishiga topshirilgan ko`p qavatli xonadonlardan biri unga berildi, deb xabar bermoqda O`zA.

Samarqand transport va kommunal xo`jalik kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan bo`sh turgan 3 qavatli binosi joriy yilda 2 milliard 160 million so`m mablag` evaziga 52 ta bir va ikki xonali uylarga moslashtirilib, rekonstruksiya qilindi. Barcha xonalar mebel va boshqa jihozlar bilan ta`minlandi. Shuningdek, binoning birinchi qavatida ma`naviyat va tibbiyot xonalari hamda ushbu uyda yashovchilar bandligini ta`minlash maqsadida tikuv sexi tashkil etildi. Bu erda Samarqand shahridagi “Bofanda” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 8 ta tikuv mashinasi o`rnatildi.

– Bugun mening hayotimdagi eng unutilmas kun, – deydi Valeriya Demyanenko. – Davlatimizning bizga bo`lgan beqiyos e`tibori va g`amxo`rligidan bahramand bo`lib, o`z uy-joyimga ega bo`ldim. Men ota-onasiz o`sgan bo`lsam-da ustozlarimning, yaxshi insonlarning ta`lim-tarbiyasi bilan jamiyatda o`z o`rnimni topishga intilayapman. Buning uchun avvalo Prezidentimizga, bag`rikeng xalqimizga rahmat aytaman. Men barchangizni yaxshi ko`raman.

Yangi xonadonlarni o`z egalariga topshirish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev ishtirok etdi va uy kalitlarini tantanali topshirdi. Shuningdek, uy egalariga viloyat va Samarqand shahar hokimligining esdalik sovg`alari berildi.

Tadbirda yangi xonadonlarga ko`chib o`tgan oilalar vakillari so`zga chiqib, ko`rsatilayotgan g`amxo`rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

– Birinchi guruh nogironiman, – deydi Shohista Fayzieva. – Turmush o`rtog`im ham imkoniyat cheklangan. Shu vaqtgacha bir nafar qizimiz bilan ijarada turar edik. Uy-joyga muhtojligimiz yuzasidan Samarqand shahar hokimligiga murojaat qilganimizdan so`ng ushbu ko`p qavatli uydan bir xonalisi bizga berildi. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz.

    Boshqa yangiliklar