O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 iyun kuni Sindao shahrida o`zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o`rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari keyingi ikki yilda O`zbekiston va BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini ta`kidladi. BMTning nufuzli delegasiyalari mamlakatimizda bo`lgani, jumladan, Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Amina Muhammad O`zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga oldi. Mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg`onistonni qayta tiklashga ko`maklashish bo`yicha ko`rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Tokentda o`tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e`tiborini tortgani qayd etildi.
Muloqotda avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi bo`yicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yo`nalishlari muhokama qilindi.






