AsosiyJamiyat

​Dunyo sharqshunoslari O`zbekiston Prezidentiga ochiq murojaat yo`lladi

'​Dunyo sharqshunoslari O`zbekiston Prezidentiga ochiq murojaat yo`lladi'ning rasmi

2018 yining 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo`lib o`tgan “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi ishtirokchilari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga ochiq xat bilan murojaat qilishdi. Maktubda Prezidentimizning fan va madaniyatni rivojlantirish, o`zbek madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan ishlari yuqori baholanadi hamda Prezident tomonidan ushbu doirada olib boriladigan barcha ishlar butun dunyo olimlari tomonidan qo`llab-quvvatlanishi izhor etiladi.

Bu qo`llab-quvvatlashning isboti o`laroq Kongress rezolyusiyasiga muvofiq, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati tuzildi.

“Bu yangicha xalqaro tashkilot o`zbek tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barchani birlashtirishi va qadimiy O`zbekistonning madaniy merosini o`rganish, asrab-avaylash va targ`ib qilish bo`yicha olib borayotgan tashabbuslaringizga yordam berishiga ishonamiz”, deya o`z fikrlarini bayon qilishadi Kongressning xorijlik va vatandosh qatnashchilari Prezidentga yo`llagan murojaatnomasida.

Quyida ushbu murojaatnomani to`liq holda keltiramiz:

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevga “O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongressi qatnashchilaridan ochiq murojaat
Hurmatli Janob Prezident!

“O`zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi Xalqaro Kongress qatnashchilari nomidan Sizning yangi O`zbekistonni yaratishga qaratilgan serg`ayrat faoliyatingizga chuqur hurmat bildirishga ruxsat bergaysiz. Bugun Sankt-Peterburgdagi Ikkinchi xalqaro kongress davomida biz O`zbekistondagi tub islohotlar va fundamental fan va madaniyatni rivojlantirish yo`lidagi Siz olib borayotgan ishlarning yangi natijalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ldik. Ayniqsa, biz o`zbek xalqining boy madaniy merosini saqlab qolishga va bu orqali butunjahon svilizasiyasiga hissa qo`shishga qaratilgan Sizning sa`y-harakatlaringiz bizga judayam ma`qul keldi. Biz Islom dinini tinchlik va bag`rikenglik dini ekanligiga qaratilgan konsepsiyangizdan yaxshigina xabardormiz va biz Sizning uni amalga oshirishga qaratilgan tashabbusingizni qo`llab-quvvatlaymiz.

Siz qo`llab-quvvatlagan “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyiha o`zbek xalqining ma`naviy boyligini o`rganish va ommalashtirish yo`lidagi muhim yutuq bo`ldi. Unda O`zbekiston xalqi tarixi bilan bog`liq san`at ashyolari, qo`lyozmalar va hujjatlarni to`plash, o`rganish va nashr etish ko`zda tutilgan. Loyiha doirasida 15 ta kitob-albom nashr etildi va 20 tadan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi. Loyiha o`zida o`z ilmiy maktabini rivojlantirayotganO`zbekiston ilmiy jamoasining sa`y-harakatlarini, shuningdek, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, AQSh, Yaponiya, Turkiya va boshqa ko`plab mamlakatlar ilmiy jamoasini birlashtirdi. 2017 yilning may oyida Toshkent va Samarqandda dunyoning 300 dan ortiq olimlari ishtirokida “O`zbekiston madaniy merosi: xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Birinchi Xalqaro Kongressi bo`lib o`tdi. Biz mazkur loyiha xalqlar va mamlakatlar o`rtasida o`zaro hammaslaklikni mustahkamlashi, shuningdek, yurtingiz madaniy imidjini yanada yuksaklarga ko`tarishiga ishonamiz.

Bugun Sankt-Peterburgda o`tkazilgan Xalqaro kongress O`zbekistonning madaniy merosini asrash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati tuzilishi bilan yanada samarali bo`ldi. Ishonamizki, O`zbekiston tarixi va madaniyati yo`lida barchani birlashtiradigan bunday xalqaro tashkilotning tashkil etilishi sizning qadimiy O`zbekiston madaniy merosini kelajakda ommalashtirish yo`lidagi sermashaqqat sa`y-harakatlaringizga ishonchli ko`makchi bo`la oladi.
Sizga mustahkam sog`lik va mustaqil O`zbekistonning yanada gullab-yashnashini tilaymiz.

O`zbekistonning madaniy merosini asrash, o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati qatnashchilari tomonidan qabul qilindi.

Sankt-Peterburg, 2018 yil, 8 iyun"

    Boshqa yangiliklar