AsosiyJamiyat

Bosh prokuratura: Qurilish materiallarining narxlari bir yilda 26,3 foizga oshgan, bunga chora ko`riladi

'Bosh prokuratura: Qurilish materiallarining narxlari bir yilda 26,3 foizga oshgan, bunga chora ko`riladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo`yicha videoselektor majlisi bo`lib o`tdi.

Unda asosiy e`tibor Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 2018 yil 5 iyun kuni o`tkazilgan videoselektor majlisi Bayoni ijrosini ta`minlashga oid chora-tadbirlar ko`rilishiga qaratildi.

Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari haqli ravishda tanqid qilib o`tganidek, qurilish materiallari narxi asosciz ravishda oshib bormoqda va qurilish materiallariga bo`lgan haqiqiy ehtiyoj aniq emas.

Majlisda zamonaviy Tashkent va Samarqand city, Nurafshon shahri, Toshkent xalqaro aeroporti, Toshkent halqa yo`li, Yunusobod metro liniyasi, Toshkent va boshqa shaharlardagi o`nlab ko`priklar, namunaviy uy-joylar, xususan xizmat uylari, kam ta`minlangan oilalar uchun uy-joylar qurilishini hisobga olgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish masalasining dolzarbligi va strategik muhimligi qayd etib o`tildi.

Ushbu va boshqa qurilish ob`ektlarining barpo etilishi katta hajmdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilishi va ichki bozorda bo`lishini taqozo etadi. Biroq, oxirgi vaqtda qurilish materiallariga bo`lgan talabning keskin ko`payishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlaridan to`liq foydalanilmayotgani, qurilish materiallari ishlab chiqarilishida zarur bo`lgan gaz va elektr energiyasi tariflari oshgani hamda bir qator boshqa sabablar qurilish bozorida narxlar o`sishiga olib keldi.

Misol uchun, respublika bo`yicha joriy yilning may oyida qurilish materiallarining narxlari 2017 yil dekabr oyiga nisbatan umumiy hisobda 15,6 foizga, o`tgan yilning shu davriga nisbatan esa 26,3 foizga oshgan.

Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 7 ming 316 tadbirkorlik sub`ektlarining 5 ming 145 tasi, ya`ni 70 foizi mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to`liq foydalanmayapti.

Majlisda qurilish materiallari ichki bozorida yuzaga kelgan salbiy vaziyat sababi bo`lgan ayrim kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi tanqid qilinib, tegishli davlat organlari, idoralari va tashkilotlari rahbarlarining tushuntirishlari eshitildi.

Bosh prokuror, Vazirlar Mahkamasi mas`ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o`rinbosari, Toshkent shahar, viloyat hokimlarining o`rinbosarlari, viloyat prokurorlari va Departamentning viloyat boshqarmalari boshliqlari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida zarur chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va qurilish materiallarining eng muhim turlariga (sement, pishiq g`isht, oyna, taxta-yog`och, metalloprokat va boshqalar) bo`lgan narxlarni barqarorlashtirish, qurilish materiallarining narxlari o`sishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar ko`riladigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar