Joriy yil 14 iyunda Rossiya hukumati mamlakatning pensiya islohotlari konsepsiyasini tasdiqlaydi. Yangi tartibga ko`ra amaldagi keksalik nafaqasiga chiqish yosh parametri ( ayni vaqtda rossiyalik erkaklar 60, ayollar 55 yoshdan keksalik nafaqasiga chiqishi mumkin) o`zgaradi.
Qayd etilishicha, Rossiya hukumati tomonidan tasdiqlanadigan pensiya islohatlari konsepsiyasiga muvofiq, mamlakatning erkak fuqarosi 65, ayol fuqarosi 63 yoshdan keksalik nafaqasiga chiqariladi. Ammo, pensiya yoshi parametri ayollar uchun 60 yosh bo`lishi mumkin, degan ehtimol ham yo`q emas.
Ta`kidlanishicha, Rossiya hukumatining pensiya tizimini o`zgartirishga oid taklifi majmuaviy xarakterga ega. Va yana bir taxminga ko`ra, harbiylar, og`ir iqlim sharoitida mehnat qiluvchilar, tibbiy xizmatchilar kabi ba`zi toifalar uchun amaldagi imtiyozlar saqlanib qoladi.
Solishtirish uchun: Bugungi kunda pensiya yoshi O`zbekiston Respublikasida nafaqat Evropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari orasida, balki MDH davlatlari ichida ham eng kichik hisoblanib, muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqini hisobga olgan holda, o`rtacha erkaklarda 58 va ayollarda 53 yoshni tashkil etadi.






