Inson shakl va ko`rinishda bir xil holatda qolmaydi. Vaqt o`tishi bilan bolakay yigitga, yigit o`rta yoshli kishiga, u esa qariya aylanadi. Bu Alloh yaratgan hayot qonuni. Hech bir odam bundan qochib qutila olmaydi.
Ushbu bosqichlarning har biri o`ziga xos xususiyat va jihatlarga ega bo`lib, o`sha bosqichdagi odamlar bilan muomala qilishda ham yosh xususiyatlarini hisobga olish va shunga ko`ra yo`l tutish maqsadga muvofiqdir. Misol uchun, yosh bola bilan o`rta yoshli odamning, o`spirin yigit bilan qariyaning o`zini tutishi, tabiati va hatto tuyg`ularida ham o`ziga xoslik mavjud bo`lib, ular bilan muloqotga kirishishda bularni e`tiborga olish zarur. Ayniqsa, yoshi katta odamlar bilan muomala qilishda juda ehtiyot va sergak bo`lish kerak. Chunki ularning jasadlari biroz yoki anchayin zaiflashgan, xotiralari susaygan, diqqatni bir joyga jamlash qiyinlashgan hamda ko`z va quloq faoliyatlari sustlashgan bo`ladi. Bu esa ularning faoliyati va odamlar bilan muomalasida o`ziga xos muomalani talab qiladi. Shuning uchun ular bilan muomala qilish yoshlardan boshqalar bilan muomala qilishdan ko`ra alohida e`tibor talab qiladi.
Ularning ba`zilarini quyida keltirib o`tamiz:
Hurmat ko`rsatish. Aslida dinimiz har bir odamni boshqalarga hurmat va ehtirom ko`rsatishga chaqiradi. Lekin, katta yoshililar bilan muomala qilish jarayonida undanda ko`proq hurmat ko`rsatish va ularni alohida ehtirom qilish kerak bo`ladi. Ularning yoshi va qarilik davri xususiyatlarini e`tiborga olish lozim bo`ladi.
Ko`maklashish. Ularga ko`maklashishda yordam so`rashlarini kutib turish kerak emas. Chunki kishi yoshi o`tgan sari quvvati ketib, atrofdagilarning yordamiga ko`proq ehtiyoj sezadi. Bu darmonsizlik vaqtinchalik emas, balki doimiydir. Har birimiz biror kasallikka chalinib, harakatlanishga qiynalib qolgan vaqtimizni eslasak, ularning holatlarini yanada yaxshi tushunamiz. Shu sabali ularga ko`mak so`ramasada yordam berishga shoshilishimiz lozim.
Ko`ngillariga yo`l topish. Kishi yoshi ulg`aygan sari ta`sirchan bo`lib qoladi. Boshqalarga oddiy sanalgan ba`zi gaplar ularga og`ir botishi mumkin. Shuning uchun ular bilan muomala qilishda tuyg`u va hissiyotlarga ehtiyot bo`lish kerak. Ularga qarib qolganlarini eslatavermaslik, aksincha ruhiyatlarini ko`taradigan yaxshi gaplar bilan ko`ngillarini olish kerak. Chunki qarilik tufayli ba`zi ishlarni qila olmay qolgani ularni tushkunlikka tushirib qo`ymasligi kerak. Shunda qarilik davrini rohat bilan o`tkazishlari uchun yaxshi muhit yaratgan va hayotlarini mazmunli bo`lishga ko`maklashgan bo`lamiz.
Quloq tutish. Barcha yoshdagi odamlarning hikoya va qissalari kimgadir yoqib, kimgadir yoqmagani kabi yoshi katta odamlarning gaplari ham ba`zilar uchun yoqimli bo`lsa, boshqalarga zerikarli tuyulishi mumkin. Lekin, katta yolshi odamlar gapirganda garchi takroriy va zerikarli gap bo`lsada ozgina vaqtimizdan kechib, ularga astoydil quloq tutishimiz, bunday yoshda xotira susayib, ba`zi narsalarni esdan chiqarib qo`yish tabiy holat ekanini tushunishimiz hamda o`zimiz ham o`sha holatga tushishimiz mumkinligini esdan chiqarmasligimiz kerak. Ularni ozgina vaqt eshita olishimiz bilan ularga qancha hursanchilik tortiq qilishimiz mumkinligini tasavvur qilib ko`rishimiz darkor.
Kamtarlik ko`rsatish. Katta yoshlilardan o`zimizni ustun tutib gaplashishdan ehtiyot bo`lishimiz kerak. Chunki gachi siz qaysidir mavzuda ulardan bilimliroq bo`lsangizda, o`rtadagi yosh farqi va hayot tajribasi ularning sizdan ustun ekanligini his qildirib turaveradi. Shu sababli so`zlashuv jarayonida kamtarlik bilan gaplashish, agar nimanidir maslahat berishga to`g`ri kelsa, qattik tegmaydigan kamtarona uslub bilan tushuntirish zarur.
Yolg`izlatib qo`ymaslik. Katta yoshli odamlar jismoniy holatlari taqozosiga ko`ra yolg`izlanib qoladilar. Shuning uchun doimo ularni ziyorat qilib turish, holidan xabar olish va ko`proq suhbatlashish lozim. Bu bir tomondan ularning ko`ngillarini ko`taradi va dardlari yoki xastaliklarini ozgina bo`lsada esdan chiqarishga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda ularning tajriba va tavsiyalaridan foydalanish uchun ham imkoniyat bo`ladi. Chunki yoshlar o`rganayotgan ko`p narsalarni ular hayotlari davomida boshlaridan o`tkazib, etarlicha tajriba to`plaganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, bu borada doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kichiklarimizga rahm qilmagan va kattalarimizni hurmat qilmagan odam bizdan emas”, degan hadisi shariflarini yodda tutishimiz, yoshlarni kattalarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak. Davrimiz ba`zi yoshlari shoshqoloqlik va beodoblik bilan katta yoshlilarga nisbatan behurmatlik ko`rsatayotganlarini, hatto haqorat qilayotganlarini ko`rib qolamiz. Ularga aytar so`zimiz shuki, Rasulullohning so`ziga quloq tuting va unga amal qiling. Shunda, ham savob olasiz, hamda jamiyatmizda mehr-muhabbat va axloq yuksalishiga hissa qo`shasiz.
Sherzod ChO`LPONOV, Toshkent islom instituti o`qituvchisi
muslim.uzdan olindi






