Bir oydan so`ng Qozog`iston Respublikasining yangi va navqiron poytaxti Ostona shahri 20 yoshga to`ladi. Qisqa davrda o`tmishda Oqmula, keyinchalik esa Selinograd deb nomlangan aholi punkti o`rnida o`ta zamonaviy, so`nggi me`morlik va qurilish an`analarini o`zida mujassamlashtirgan go`zal shahar barpo etildi.
U o`tgan yil EKSPO xalqaro ko`rgazmasiga mezbonlik qildi. Shahardagi okeanarium, Xon chodiri, Boyterak singari me`moriy majmualar har jihatdan ko`pchilikning hayratiga sazovor bo`lmoqda.

Ostona shahrini to`la ma`noda eng zamonaviy shahar deb atashmoqda. 20 yillik tantanalari keng miqyosda va rang-barang o`tishi kutilmoqda. Bayram tadbirlarida 600 ga yaqin turli madaniy chiqishlar, festivallar, teatrlashtirilgan tomoshalar, etnografik sahna ko`rinishlari, konsertlar namoyish qilish ko`zda tutilmoqda.

Bayram tadbirlari uch oy davom etadi. Unda chet ellardan, xususan, turkiy qavmlar yashaydigan O`rta Osiyo respublikalari, Turkiya, Bolgariya, Vengriya, Polsha singari davlatlardan mehmonlar kelishi kutilmoqda.
Tadbirlarning keng dasturi turkiy xalqlar madaniyati va san`atini to`la va mufassalroq namoyon qilishga qaratilgan.






