Moliyaviy piramida pul mablag`larini doimiy ravishda jalb qilib turgan holda tuzilma ishtirokchilarini daromad bilan ta`minlab turish demakdir. Uning boshqacha nomi sarmoyaviy piramida deb yuritiladi. Bunda birinchi ishtirokchining daromadi ikkinchi va boshqa ishtirokchilarning pul mablag`lari hisobidan ta`minlanadi. Bu daromadlarning manbai ko`p hollarda ko`rsatilmaydi. Yoki soxta nomlar bilan deklarasiya qilinadi. Bu – firibgarlikdan boshqa narsa emas.
Taomilga ko`ra moliyaviy piramida tashkilotchilari mijozlarga qop-qop va`dalar beradi. Biroq ishtirokchilarning hammasiga va`da qilingan pullarning qaytarishning imkoniyati yo`q. Odatga ko`ra, moliyaviy piramidalar tijorat muassasi sifatida ro`yxatdan o`tadi va qandaydir loyihani moliyalashtirish bahonasida mablag` to`play boshlaydi. Agar loyihaning haqiqiy daromadi mijozlarga berilgan va`dalardan kam bo`lsa, yoki umuman daromad ko`rilmaydigan bo`lsa, u holda so`nggi mijozlarning mablag`lari birinchi mijozlarga beriladi. Ya`ni, Alining qalpog`i Valiga kiydiriladi. Buning oxir oqibati loyihaning kasodga uchrashi bilan yakunlanadi. Oddiy so`z bilan aytganda eng so`nggi a`zo bo`lgan mijozlar qo`llarini burunlariga tiqqanicha qoladi. Ular moliyaviy piramidaga kiritgan sarmoyalaridan mahrum bo`ladi. Chunki to`plangan mablag`lar likvid aktivlarini sotib olishga emas, balki avvalgi sarmoyadorlarga pullarni qaytarishga sarflanadi. Moliyaviy piramida faoliyat qancha uzoq davom etsa, mijozlarga pullarni qaytarish imkoniyatlari ham kamayib boraveradi.
Moliyaviy piramidalar ko`plab mamlakatlarda qonunga zid deya e`lon qilingan. Masalan, AQSh, Avstraliya, Avstriya, Albaniya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Dominikan Respublikasi, Eron, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Qozog`iston, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Malayziya, Meksika, Nepal, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Tailand, Tayvan, Turkiya, Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Shvesiya, Shri-Lanka, Estoniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiyada moliyaviy piramidalar faoliyati taqiqlangan. Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoyda moliyaviy piramidalar tashkil etib, faolyatini yuritganlar o`lim jazosiga hukm qilinadi.
Bugungi kunda moliyaviy piramida va firibgarlik so`zlarini sinonim sifatida ko`rish mumkin. Moliyaviy piramidaga a`zo bo`lmoqchi bo`lgan yangi mijozning puli uni taklif qilgan ishtirokchi va undan avvalgi ishtirokchilar o`rtasida taqsimlanadi. Yangi ishtirokchi esa ikki va undan ortiq kishini jalb qilgan taqdirdagina foyda ko`rishi mumkin. Lekin yangi a`zolar soni muntazam o`sib borishining imkoni yo`q. Piramida ishtirokchilari butun bir mamlakat aholisining hammasini qamrab ololmaydi, olgan taqdirda ham bu piramida qachonlardir tannazzulga uchrashi aniq. Chunki piramidaning 7-10 bosqichga chiqishining iloji yo`qligi tan olinadi. Yangi a`zolarni jalb qilishga muvaffaq bo`lmagan ishtirokchilar nafaqat daromaddan, balki o`zlarining pullaridan ham ayriladilar. Tahlillarga qaraganda, piramida ishtirokchilarining 90 foizi bir tiyin ham foyda ko`rishmaydi. “Sarmoyadorlarning pullari piramida tashkilotchisini boy qiladi”, degan fikrda ham jon yo`q. Ko`p hollarda tashkilotchining o`zi ham kasaodga uchraydi.
Moliyaviy piramidaning tarixi 18 asrga borib taqaladi. O`sha davrdan shu kunga qadar 100 mingta moliyaviy piramida faoliyat yuritgan. 2016 yil boshida jahonda 5 mingdan ortiq moliyaviy piramida borligi aniqlangan. AQShda ilk moliyaviy piramida kelib chiqishi italiyalik bo`lgan Charlz Ponsi (Ponti) tomonidan 1919 yilning avgust oyida tashkil etilgan. Bugungi kunda zamonaviy piramidalar aynan Ponsi sxemasi asosida ish yuritadi.
So`nggi yillarda moliyaviy piramidalar internet tarmoqlarida ham paydo bo`lmoqda. Bu kabi piramidalar tashkilotchilari o`z saflariga mijozlarni jalb qilish maqsadida yangi-yangi usullardan foydalanishmoqda. Agar internetdagi elektron pochtangizga boyib ketishingiz borasida yordam berishlari mumkinligi borasida xat kelgan bo`lsa, bilingki, bu firibgarlikdan boshqa narsa emas.
Sharofidin To`laganov, O`zA






