Qozog`iston poytaxti Astana shahrida davom etayotgan “Prezident kubogi” musobaqasining navbatdagi kunida besh nafar bokschimiz ringga ko`tarildi.
Hamyurtlarimiz ishtirokidagi beshta jangning uchtasida g`alaba qo`lga kiritilgan bo`lsa, ikkitasida mag`lubiyat qayd etildi.
Jumladan, -60 kg. vaznda jang o`tkazgan Shunqor Abdurasulov filipinlik raqibi Suares Koronelga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, yirik hisobda mag`lubiyatga uchratdi – 5:0.
-69 kg. vaznlilar o`rtasida Mahmud G`oipov xitoylik Maimaititu Ersunni bir ochko farqi bilan engishga erishdi – 3:2.
Ayniqsa, Bektemir Meliqo`ziev (81 kg.)ning jangi ko`pchilikda iliq taassurot qoldirdi. U hindistonlik Devanshu Jaivalni ikkinchi raunddayoq nokautga uchratib, o`zining nimalarga qodir ekanligini yana bir karra isbotladi.
Afsuski, ikki etakchi bokschimizdan bu gal omad yuz o`girdi. Jasurbek Latipov (52 kg.) mezbonlar vakili Anuar Muzapparovga 1-raundda texnik nokaut evaziga mag`lubiyatga uchragan bo`lsa, Ulug`bek Mubinov (+91 kg.) rossiyalik Maksim Babaninga yirik hisobda engildi – 0:5.
Bahslar bugun yana davom ettiriladi.






