AsosiyJamiyat

Polshaning 20 yaqin kompaniya vakillari O`zbekistonga keldi

'Polshaning 20 yaqin kompaniya vakillari O`zbekistonga keldi'ning rasmi

O`zbekiston savdo-sanoat palatasida 7 iyun kuni Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Andjey Papej boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv hamda O`zbekiston – Polsha ishbilarmon doiralari biznes-forumi bo`lib o`tdi.

Polsha delegasiyasi tarkibidan oziq-ovqat, qurilish, tibbiyot va biotexnologiya, muhandislik, elektrotexnika, qishloq xo`jaligi sohalarida faoliyat olib boruvchi yigirmaga yaqin kompaniya vakillari o`rin olgan.

O`zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov mamlakatlarimiz o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalar yildan-yilga rivojlanib borayotganini ta`kidladi. Mazkur uchrashuv ham o`zaro hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari o`rtasida savdo aloqalarini yo`lga qo`yish, qo`shma loyihalarni amalga oshirish uchun chet el investisiyalarini jalb qilishda qo`shimcha rag`bat bo`lib xizmat qiladi.

2017 yilda ikki mamlakat o`zaro tovar aylanmasi qariyb 104,9 million AQSh dollarni tashkil etgan. O`zbekistonda Polsha kapitali ishtirokidagi 25 korxona va 1 ta energetika, tekstil, farmasevtika sanoati chiqindilarini qayta ishlovchi kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda delegasiya a`zolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investisiyaviy jozibadorlikni oshirish, erkin iqtisodiy zonalarda sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit haqida keng ma`lumot berildi.

Polshaliklar O`zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlarni yuqori baholadi. Uchrashuv va biznes-forum O`zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari uchun o`zaro tajriba almashish imkonini berishini qayd etdi.

Biznes-forumda tomonlar o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo`shma korxonalarni ko`paytirish, investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

    Boshqa yangiliklar