O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug`ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo`lishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og`ir hududlarda aholining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida sezilarli ijobiy o`zgarishlar amalga oshirilishini ta`minlashga qaratilgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturning asosiy yo`nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- tadbirkorlik bilan shug`ullanish istagida bo`lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam ko`rsatilishini ta`minlash;
- tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shug`ullanmagan aholiga tadbirkorlik ko`nikmalarini o`rgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam ko`rsatish;
- tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam berish orqali qo`shimcha ish o`rinlari yaratish;
- kasanachilik va kichik hajmda ishlab chiqaruvchi sub`ektlarni (mikrofirmalarni) tashkil etish uchun moliyaviy yordam berish orqali aholiga qo`shimcha daromad ishlab topish imkoniyatini yaratish;
- qishloq va mahallalarning ixtisoslashuvini (hunarmandchilik, tikuvchilik, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini etishtirish, ixcham issiqxonalar tashkil qilish va boshqalar) hisobga olgan holda mazkur sohada ijobiy natijalarga erishgan ishbilarmonlik tajribasiga ega tadbirkorlarni mahallalarda yangi biznes faoliyati bilan shug`ullanishni boshlagan oilalarga biriktirish – mini-klasterlar tashkil etish;
- joylarda oilaviy tadbirkorlikka ko`rsatiladigan xizmatlar ko`lamini tubdan kengaytirish, tadbirkor oilalarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdosini tashkil qiluvchi bozor infratuzilmasi ob`ektlari, xizmat ko`rsatish va servis shahobchalarini barpo etish;
- qishloq va mahallalarda bo`sh turgan er maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik sub`ektlariga berish orqali aholi uchun qo`shimcha ish o`rinlari va daromad manbalarini yaratish;
- vaqtinchalik moliya-xo`jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan hamda davlat ro`yxatidan o`tmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlab, ular faoliyatini tiklash va qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish.






