AsosiyJamiyat

Sinfdoshining uyiga o`g`irlikka tushgan o`smir qonun oldida javob berdi

'Sinfdoshining uyiga o`g`irlikka tushgan o`smir qonun oldida javob berdi 'ning rasmi

Insonning yaqin do`stlari orasida maktabda birga o`qigan tengdoshlari bo`lishi tabiiy. Negaki, sinfdoshlar bir-birini bir qarashda tushunadi. Maktabdosh o`rtoqlarimizning uyiga boramiz, yaxshi va og`ir kunlarda oldida bo`lishga harakat qilamiz. Sinfdosh do`stining uyiga yomon maqsadni ko`zlab boradiganlar haqida eshitganmisiz? Bunday jirkanch, badniyat o`y biror sinfdoshning ko`ngliga kelmaydi, dersiz. Biroq hayotda shundaylar ham uchrab turar ekan.

Zarif Turg`unboev sinfdoshi Davron Temirov (ism-familiyalar o`zgartirilgan)ni yaxshi niyatlar bilan ota-onasiga tanishtirish uchun oilasiga taklif qilganda bir kun kelib shu do`sti uyiga o`g`irlikka kirishini qayoqdan bilibdi…
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi maktablardan birida tahsil olgan Zarif sinfdoshi Davron bilan boshqalarga nisbatan ancha qalin o`rtoq bo`lib olishdi. Ular qaerga bo`lsa birga borishardi. Zarif do`stini Toshkent shahar Yashnobod tumani Tuzel-2 dahasida joylashgan uyiga ham tez-tez taklif qilardi. Davron sinfdoshining uyiga haftada kamida bir marotaba kelib turardi.
— Yur, sizlarnikiga borib kino ko`ramiz, — derdi har gal Davron Zarifga.
— Mayli, ketdik, hozir uyda hech kim bo`lmasa kerak. Birga ovqatlanib, gaplashib o`tiramiz, —derdi Zarif.
Ikki o`rtoq uyda anchagacha qolib ketishardi. Davron paytdan foydalanib o`zining g`arazli rejalarini tuza boshlardi. Uy jihozlari, maishiy texnika vositalari, telefon hamda kompyuterning qaysi xonada turishini zimdan kuzatib yurardi. Bundan bexabar xonadon egalari mehmonga o`z o`g`illaridek ishonishardi. Davron Zarifdan uyda qaysi mahal odam bo`lish-bo`lmasligini ham so`rab olgan edi. Bundan tashqari, u uy egalari ko`cha eshigini qulflab kalitni pod`ezddagi elektro-shit ichida qoldirib ketishlarini ham ko`rgandi.
— Kalitni shu erda qoldirasanmi? —deb so`radi Davron bir safar uydan chiqayotganda.
— Ha, dadam bilan oyim kelganlarida ko`chada qolmasliklari uchun shu erda qoldiramiz, hech kim tegmaydi, — dedi soddalik bilan Zarif.

Bu Davronga qo`l keldi. U 2017 yilning dekabr oyida ertalab sinfdoshining uyi oldiga kelib, ularning chiqishlarini kutadi. Xonadon egalarining ketganiga ishonch hosil qilgach esa tepaga ko`tarildi. Shitdan kalitni olib, ichkariga kiradi. Davron yotoqxonada turgan «FLY» rusumli qimmat mobil telefonini olib, eshikni qulflab chiqib ketadi. Keyin o`g`irlagan telefonini tuman hududidagi eski jihozlar sotiladigan bozorda savdo-sotiq bilan shug`ullanadigan tanishiga arzon narxda sotib yuboradi.
Uy egalari telefon yo`qolganiga unchalik e`tibor qaratishmadi. Ko`cha-ko`yda tushib qolgan bo`lishi mumkin degan o`yda yurishdi.

Bu orada Davron bir necha marotaba kelib ketadi. Endi uning «ishqi» xonada turgan noutbukka tushdi. Qanday qilib bo`lsa-da, bu matohni ham qo`lga kiritish payiga tushib qoldi.
U joriy yilning 14 fevral kuni peshin mahal uyda hech kim bo`lmasligini bilib, yana ichkariga kiradi. Davron anchadan buyon o`g`irlashni ko`zlab yurgan noutbukni olib, juftakni rostlaydi. Oson qo`lga kiritilgan bu matohni ham eski tanishiga arzonga sotib, pulini o`z ehtiyojiga ishlatib yuboradi. Tez-tez buyumlarining yo`qolib qolayotganidan xavotir olgan uy sohiblari kimdan shubhalanishni ham bilmay qolishdi. Shunda ular oxirgi vaqtlarda o`g`lining «yaqin» do`sti tez-tez mehmonga kelganini eslab, undan gumonlari borligi bo`yicha ichki ishlar organiga murojaat qilishdi. IIB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tergov jarayonida xonadon egalarining shubhalari o`z isbotini topdi. Ya`ni gumonlanuvchi telefon va noutbukni o`g`irlaganini tan oldi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida mazkur o`g`irlik ishini sodir etgan Davron Temirovga nisbatan sud hukmi e`lon qilindi. Sud D.Temirovning yoshligi, avval sudlanmagani va jabrlanuvchilarning unga nisbatan da`volari yo`qligini hamda o`g`irlagan buyumlarni to`liq qaytarganini hisobga olib, jazo tayinladi.

Mazkur jinoyat ishiga hukm chiqarilishida davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e`tibor va insonparvarlik ko`magiga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, O`zbekiston Yoshlar ittifoqining kafilligi ham jazoning engilligini ta`minladi. Bunday e`tibor va g`amxo`rlikdan sud zalidan ozod etilayotgan Davron kabi jinoyat yo`liga adashib kirib qolgan yoshlar to`g`ri xulosa chiqarishlari lozim. Jinoyat ko`chasiga ikkinchi marotaba kirgan fuqarolarga jazo qat`iyroq bo`lishi aniq.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2017 yilda yurtimizda yigirma bir mingdan ziyod voyaga etmagan yoshlar jinoyatga qo`l urgan. Achinarlisi, ularning uch yuzdan ortig`i hali maktabni ham tamomlashga ulgurmagan o`quvchilardir. Bu, o`z navbatida, farzand tarbiyasida ayrim maktab va oilalarda bo`shliq yuzaga kelganligini bildiradi. Ota-onalar farzandlarining yurish-turishiga, atrofidagi do`stlariga e`tiborli bo`lishi ayni muddaodir. Zero, xalqimiz “Bola aziz, odobi undan ham aziz” deb, bejiz aytmagan.

Abror SAIDOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tumani sudi raisi.
Jobir XO`JAQULOV, «Adolat» muxbiri

    Boshqa yangiliklar