Buxoro viloyati, Olot tumani, Paxtakor MFY da yashovchi ikki nafar fuqaroga tegishli eshaklar bir kechada yashirin ravishda o`g`irlab ketilganligi to`g`risida ariza kelib tushdi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ma`lum bo`ldiki, Olot tumanida yashovchi fuqarolar Sohib Mavlonov hamda Feruz Tangrievlar (ism-shariflari o`zgartirilgan) o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida o`zaro oldindan jinoiy til biriktirganlar.
Bundan tashqari, voyaga etmagan Shohrux Samievning voyaga etmaganligini bilgan holda uni ham o`g`rilik jinoyatini sodir qilishga jalb qilib, Olot tuman «Paxtakor» qishloq fuqarolar yig`inida yashovchi Rajab Botirovning molxonasi oldiga bog`langan bahosi 200.000 so`mlik bir bosh eshagini yashirin ravishda o`g`irlab olib, voqea joyidan yashiringanlar.
Ushbu jinoiy guruh, shu kuni soat taxminan 00:10 larda o`zaro jinoiy til biriktirib, fukaro G`ulom Karimovning ham molxonasi oldiga bog`langan bir bosh eshagini o`g`irlab ketganliklari aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan surushtiruv harakatlari olib borilib, ayblanuvchilar o`z aybiga iqrorlik bildirganlar.
Ularga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi va boshqa tegishli moddalar bilan aybdor deb topildi va jinoyat ishi sudga topshirildi.
Buxoro viloyati IIB xabariga ko`ra, sud jarayonida sudlanuvchilarning ushbu jinoiy harakatlari to`liq o`z tasdig`ini topdi va tegishli moddalar bilan ayblanib, sud hukmi e`lon qilindi.
Darhaqiqat, sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar. O`zlarining jinoiy qilmishlari va kaltafaxmligi tufayli bu fuqarolar odamlar orasida “Eshak o`g`rilari” degan nomni orttirdilar xolos.






