Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg`armasi - YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi va Telia kompaniyasining telekommunikasion guruhiga kiruvchi «COSCOM» Mas`uliyati Cheklangan Jamiyati yangi bitim tuzdi. Bitimga binoan yoshlarning fikr mulohazalarini ifodalashi uchun mo`ljallangan resurs - U-Report tizimi yaratiladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`zbekiston Yoshlar Ittifoqi ham ishtirok etuvchi U-Report loyihasida SMS va boshqa texnologiyalar yordamida abonentlardan ma`lumot va fikrlar yig`iladi. Turli sektorlardagi vaziyatni yaxshilash uchun so`rovlar natijalari yoshlar hamda qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadigan shaxslar orasida tarqatiladi. Fikrlarni yig`ish uchun beriladigan savollar sog`liqni saqlash, ta`lim sohalari, yoshlar orasidagi ishsizlik va yoshlarga tegishli boshqa masalalarni qamrab olishi mumkin.
— Yoshlarning fikrlarini eshitish o`ta muhim, chunki yoshlar O`zbekiston aholisining 60 foizidan ortig`ini tashkil qiladi, - deydi YuNISEFning O`zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. Bugun O`zbekistondagi siyosat aynan xalq bilan muloqotni nazarda tutadi. Bizning loyihamiz asosida ham yoshlar va davlat o`rtasidagi muloqotni yanada kuchaytirish maqsadi yotadi. U-Report o`z atrofida mavjud muammolar to`g`risida ma`lumotlarni taqdim etish uchun reportyorlar vazifasini bajaradigan yosh ko`ngillilar sa`y-harakatlariga tayanadi, bu esa o`zgarishlarga xizmat qiladi. UCELL bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ushbu loyihamiz boshqa davlatlarda ham joriy etilgan va yaxshi natijalarga erishilgan.
Bugungi kunda U-Report platformasi 5 million nafardan ortiq respondentlari mavjud bo`lgan dunyoning 41 mamlakatlarida qo`llaniladi. Ushbu innovasion metodologiya alohida axborotlarning sir saqlanishini kafolatlaydi, lekin ayni paytda umumlashtirilgan ma`lumotlar bilan jamoatchilik bemalol tanishish imkoniga ega bo`ladi. Olingan axborot yoshi, jinsi va mintaqalar bo`yicha real vaqt tartibida tahlil etilib, Yoshlar uchun muxim masalalarga hukumat e`tiborini jalb qilishga yordam beradi. U-Report platformasida ro`yxatdan o`tish ixtiyoriy va bepul asosda amalga oshiriladi.






