Toshkent Janubiy vokzalida qoraqalpog`istonlik 200, xorazmlik 450 o`g`il-qiz tantanali kutib olinib, Toshkent viloyatining Parkent va O`rta Chirchiq tumanlaridagi “Boychechak” hamda “Mehrjon” oromgohlariga kuzatildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Bu yil yozgi mavsumda mamlakatimizdagi 1 ming 313 bolalar oromgohida 300 mingdan ortiq bolalar mazmunli hordiq chiqarib, sog`lomlashtiriladi. Ayni kunlarda hududlardagi barcha oromgohlar maxsus jadval asosida o`g`il-qizlarni qabul qilmoqda.
– Yozgi ta`tilni “Boychechak” oromgohida o`tkazishimdan xursandman, – deydi Nukus shahridagi 11-umumta`lim maktabi o`quvchisi Eldorbek Nazarboev. – Yangi do`stlar bilan tanishib, vaqtimizni mazmunli, esda qolarli taassurotlarga boy tarzda o`tkazishga ishonamiz.
O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi ma`lumotiga ko`ra, joriy yilda Toshkent viloyatidagi 19 stasionar oromgohga 15 ming 722 nafar, Orolbo`yidan keladigan 1 ming 760 nafar bolalar, shuningdek, o`quv muassasalarida tashkil etilgan kunduzgi dam olish maskanlariga 17 ming 770 o`quvchi jalb etiladi. Kasb-hunar kollejlarining 700 nafar o`quvchilari uchun 10 ta "Mehnat va dam olish" sog`lomlashtirish oromgohi faoliyati tashkil etilgan.
Ta`tilda bolalarning miriqib dam olishi uchun qiziqarli madaniy-ma`rifiy, sport tadbirlari o`tkaziladi. Taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, turli tanlovlar va tabiat qo`yniga sayohatlar uyushtiriladi.






