Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Navoiy viloyatida yashovchi 5 nafar yurtdoshimiz O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi, deb xabar berdi O`zA.
Navoiy shahrida istiqomat qilayotgan Tohir Toshoev 1962 yili Tojikiston Respublikasi Yovon tumanida tug`ilgan. 25 yildan buyon Navoiyda yashab, "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatida ishlab kelmoqda.
– Bugun hayotimda unutilmas kun bo`lib qoladi, – deydi Tohir aka. – Chunki, O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilindim. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Fuqaroligim yo`qligi sabab bir qator huquqlardan mahrum edim. Mana endi orzularim ushaldi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli 2-gidrometallurgiya zavodi ishchisi, zarafshonlik Kamoliddin Mamatqulov ham yuksak bag`rikenglikdan bahramand bo`ldi.
– Qanchalar baxtiyor ekanimni so`z bilan ifodalash qiyin, – deydi K.Mamatqulov. – Bu his-hayajonlarga boy damlarni 22 yil kutdim. Andijon viloyati, Paxtaobod tumanida tug`ilganman, 5 nafar farzandim bor. Pasport– g`urur-iftixor ramzi, men uzoq yillar mana shu g`ururdan bebahra yashadim. Endi bari boshqacha – qo`limda ko`zni yashnatuvchi O`zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanimni tasdiqlovchi hujjat bor. U mening g`ururim, iftixorimdir. Buning uchun davlatimiz rahbariga behad minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so`zga chiqdi.
06.06.2018 12:49
Navoiyda 5 nafar yurtdoshimiz O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi






