AsosiyJamiyat

Farg`onada janubiy koreyalik shifokorlar bemor bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazdi

'Farg`onada janubiy koreyalik shifokorlar bemor bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazdi 'ning rasmi

Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti “Severance” gospitali shifokorlari Farg`ona viloyatida bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, onalar va bolalar sog`lig`ini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sog`lom turmush tarzini targ`ib etish, aholi salomatligini muhofaza qilishga jamoat tashkilotlari, jumladan, “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham munosib hissa qo`shmoqda.

“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Koreya Respublikasining Yonsey universiteti “Severance” gospitali o`rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Farg`ona viloyati ko`p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida koreyalik mutaxassislar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifokorlari bilan 400 nafarga yaqin tug`ma nuqsonlar, kuyish va turli operasiyalar asoratlaridan aziyat chekayotgan bemor bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazdi.

Kam ta`minlangan oilalar farzandlari, “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari hamda jiddiy nuqsonli 35 nafar bemor bola operasiya qilindi va sog`lom hayotga qaytarildi.

– O`zbekistonda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga doimiy e`tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq, – deydi janubiy koreyalik shifokor Park Byong Yun. – Biz bir necha yildan buyon hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Inson salomatligi yo`lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar albatta o`zining yuksak samaralarini beradi.

Tibbiy ko`rik davomida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

    Boshqa yangiliklar