Poytaxtimizda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan quvvat beruvchi (energetik) ichimliklarning inson salomatligiga salbiy ta`siri, uning iste`moli va ishlab chiqarilishini tartibga solishga oid aksiya bo`lib o`tmoqda, deb yozmoqda O`zA.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti quvvatni oshiruvchi ichimliklarning salbiy ta`sirlari mavjudligi haqida ogohlantirgan. Ma`lumotlarga ko`ra, tobora ommalashayotgan bu ichimlik odamlarda bir qator kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
Quvvat beruvchi ichimliklarning noto`g`ri va ko`p miqdordagi iste`molidan kelib chiqadigan salbiy oqibatlar isbotlangan. Bular:
Yurak xuruji: Quvvat ichimligi tarkibida kofeinning yuqori miqdorda bo`lishi bora-bora yurak salomatligiga ta`sir qiladi. U ayniqsa, yurakning qisqarishiga olib kelar ekan. Jahon miqyosida bu ichimlikdan bolalar zarar ko`rmoqda. Sport bilan shug`ullanmay, jismoniy faol bo`lmay turib bu ichimlikdan kuniga 250 ml.dan ortiq ichish yurak faoliyatini ishdan chiqishiga sabab bo`ladi.
Bosh og`rishi va migren: Tana quvvat ichimligi orqali oziqlanadigan yuqori miqdordagi kofeinga o`rganib qolgach, unga ehtiyoj sezilishi bilan bosh og`riy boshlaydi va tobora kuchayadi. Bu go`yo giyohvand moddaga o`rganib qolishga o`xshaydi. Agar kecha ichilganida 50 ml kam ichimlik ichilsa ham, bosh og`rig`i orqali tana bundan norozi bo`ladi.
Betoqatlanish va asabiylashish: Ortiqcha kofein inson miyasida bezovtalikni keltirib chiqaradi. Hatto energetik ichimlikka mukkasidan ketish yuqori darajadagi sarosimaga sabab bo`ladi.
Uyqusizlik: Tanaga yuqori miqdorda quvvat kirgach, odam qanday qilib uxlashi mumkin? Uyqusizlik esa asab tizimiga salbiy ta`sir qiladi, modda almashinuvini izdan chiqaradi, tushkunlikka sabab bo`ladi.
Insulinga bog`liq bo`lmagan (2-tur) qandli diabet: Quvvat ichimligi tarkibi shakarga ham boy. Ichimlik oshqozonosti bezining insulin ishlab chiqaruvchi to`qimalarini zararlaydi va o`ldiradi.
Tobelik: Ayniqsa, cho`ntak "qurib" qolganida bu ichimlikka qaram bo`lib qolganlarning holi og`irlashadi. Ular bangi kabi o`zlarini bilmay qoladilar.
Yuqori qon bosimi: Kofeinga boy mahsulotlar qon bosimini oshiradi. Shundoq ham, qon bosimi ko`tarilib turuvchi odamlar bu ichimlikka bog`lanib qolishsa, hayotlarini xavfga qo`ygan bo`ladi.
Ko`ngil aynishi va boshqalar: Me`yoridan ortiq energetik ichimlik ovqat hazm qilishni qiyinlashtirib, ko`ngilni aynitadi. Ichimlik tanani suvsizlanishiga, tishlarning emirilishiga ham sabab bo`ladi. Shuningdek, quvvat ichimligidan ko`p iste`mol qilish teri kasalliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin.






