Oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg`or xorijiy tajriba asosida qayta ko`rib chiqiladi. Bu O`zbekiston Prezidentining "Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarorida ko`zda tutilgan.
Ushbu qarorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg`or xorijiy tajriba asosida qayta ko`rib chiqish hamda ularni takomillashtirish bo`yicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish to`g`risida topshiriq berildi.
Shuningdek, ilg`or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo`lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta`lim muassasalarining faol ishtirokini ta`minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi.






