AsosiyJamiyat

500 ta she`rni yod bilgan samarqandlik qizcha

'500 ta she`rni yod bilgan samarqandlik qizcha'ning rasmi

AQShlik Tomas Edison haqida eshitgandirsiz. U o`zining minglab ixtirolari bilan insoniyat turmushini engil qilgan olimlardandir. Birgina misol. Bugun hayotimizning ajralmas bo`lagiga aylangan lampochkani ham shu olim ixtiro qilgan.

Ammo Edisonning Edison bo`lishiga sabab bo`lgan bir voqea bor!
U paytlarda yosh Tomas maktabda, 1-sinfda o`qirdi. Harf tanimasdi. Bir kuni ustozi undan onasiga xat berib yubordi. Bu xatni o`qigan ona yum-yum yig`ladi, g`amga botdi.
- Nima bo`ldi, ona? - o`zining noshudligini sezgan bola savol berdi.
- Ustozing sen haqingda yozibdi, o`g`lim, - onaning yuzida xotirjamlik va ishonch bor edi. - U menga minnatdorlik bildiribdi. Noyob qobiliyating borligini, biror nufuzli maktabga o`tkazishimni so`rabdi.
Tomas o`sha kuni xursand bo`ldi.
Yillar o`tib onasi vafot etdi. Tomas xatni topib oldi...

OZGINA LOF ARALAShDI-YoV
Qo`ng`iroq bo`ldi.
- Assalomu alaykum! Tahririyatga tushdimmi? Men 37-maktab direktori Kamol Suyarovman.
Domla salom-alikdan so`ng maqsadga ko`chdi.
- Bir o`quvchimiz bor, juda qobiliyatli. Shu qizchamiz haqida gazetada maqola bersalaringiz yaxshi bo`lardi.
- Domla, o`quvchingizning qanday qobiliyati bor?
- Besh yuzta she`rni yoddan biladi! Yaqinda tumanda eng ko`p she`r biladigan o`quvchi sifatida g`oliblikni egalladi.
Xullas, direktor qizaloqni ustozi hamrohligida tahririyatga jo`natadigan bo`ldi.
Qiziq, ba`zan lofchiligimiz tutib ketadi-da. Qanday qilib 1-sinf o`quvchisi 500 ta she`rni yod olgan bo`lishi mumkin? Ellikta, boringki, yuzta she`rni bilar. To`g`risini aytsa bo`ladi-ku.
Rosti, xayoldan shu fikrlar o`tdi.

MUHIM SAVOL
Ikki-uch kundan so`ng qizaloq keldi. Biz atay ustozini savolga tutmadik.
- Isming nima, qizim, qaysi mahalladansan?
- Sevinch Sultonova, Asliddin akaning qiziman. 2010 yil 14 avgustda Jomboy tumani Shirinkent mahallasida tug`ilganman.
- Dadangning telefon raqamini bilasanmi?
Bu savol nima uchun kerak, degan xayolga borishingiz mumkin. Ammo bu muhim savol.
...Yaqinda chekka bir tumandan Samarqand shahriga kelgan tanishimiz o`z yumushlari bilan chalg`ib, olti yoshli farzandini yo`qotib qo`yibdi. O`tgan yarim soat vaqt ichida onaning vahimasi, qo`rquvini ta`riflash ortiqcha. Shu payt uning qo`l telefoniga begona raqamdan qo`ng`iroq bo`ladi. Ko`tarsa, notanish ayol o`g`li haqida xabar beradi.
Ma`lum bo`lishicha, bolakay adashib qolgach, biroz yig`lagan va shu atrofdagi xolaga yo`qolib qolganini aytib, uning telefonidan onasiga qo`ng`iroq qilgan.
Endi tasavvur qiling. Agar o`sha bolakay onasining telefon raqamini bilmaganda nima bo`lishi mumkin edi? Ta`bir joiz bo`lsa, olti yoshli bola o`zi bilan sodir bo`lishi mumkin bo`lgan katta noxushliklardan zukkoligi tufayligina qutulib qoldi.
Sevinch dadasining telefon raqamini aytdi. Davlat rahbari, viloyat, tuman hokimi, maktabi, mahallasi, madhiyani kim yozgani, kim kuy bas¬talagani haqidagi savollarimizga to`liq javob berdi. Oila a`zolari, hatto onasining turmushga chiqquncha qaysi familiyada bo`lganini ham bilarkan.

“MEN SEVINChNING ONASIMAN...”
Odatda, birinchi sinf o`quvchisi biladigan o`nta she`rning ettitasi Po`lat Mo`min, Quddus Muhammadiy, Zafar Diyor kabi taniqli bolalar shoirlarining qalamiga mansub bo`ladi. Chunki boshlang`ich sinf darsliklarida ular ijodiga keng o`rin berilgan. Bundan yigirma-yigirma besh yil avval yod olgan she`rlarimiz hozir ham yodimizda...
Biz Sevinchdan yuqoridagi shoirlarimizga hurmatsizlik qilmagan holda, boshqa ijodkorlarning she`r¬larini so`radik.
Anvar Obidjondan aytdi.
Yana...
Hamid Olimjon, Shuhrat, Muxtor Xudoyqulov, Dilshod Rajab, Umida Abduazimova...
- Erkin Vohidovdan bilasanmi, Abdulla Oripovdan o`qi-chi, Muhammad Yusufdan nechta she`r bilasan?..
Taklifimiz og`zimizdan chiqmay turib, u she`rni boshlab yuborardi.
Talabimiz jiddiylashdi.
- Boburdan ham yodlaganmisan, qizim?
Sevinch nafaqat Zahiriddin Muhammad Bobur, balki Alisher Navoiydan ham bir necha g`azal va ruboiy aytib berdi.
Qizaloq bir soatdan ortiq vaqt davomida to`xtovsiz she`r o`qidi. Chuqur-chuqur nafas olib, peshonalarini ter bosgandagina biz uni sinamayotganimizni, balki allaqachon hayrat va qiziqish bilan savolga tutayotganimizni anglab qoldik.
Sevinch aytayotgan ayrim she`r mualliflarini tanimadik. Qiziq, maktab darsliklaridan tashqari, shuncha she`rni yod oldirgan o`qituvchining yonimizda ekani xayolimizdan ko`tarilibdi.
- Kechirasiz, bu she`rlarni qaerdan olib yodlatgansiz?
- Qo`limga qanday kitob tushsa, o`shandan, aksariyatini gazetalardan olib, yod oldirganman.
- Rahmat sizga, hamma o`quvchilaringiz bilan shunday shug`ullanasizmi?
- Men Sevinchning onasiman...
* * *
Sevinchning onasi - Surayyo Muhammadieva, uy bekasi. Qiziga maktabga bormasdanoq she`r va topishmoqlar, maqollar yod oldirgan. Muntazam gazeta-jurnallarni varaqlagan, kitob izlagan, maktab kutubxonalaridagi asarlarni o`zi uchun, farzandlari uchun o`qib chiqqan.
- O`z vaqtida o`qib, oliy ma`lumotli bo`lolmadim. Endi farzand¬larim uchun harakat qilyapman. Uy yumushlaridan ortib, Sevinchning maktabiga boraman. Ustozi Gulfiya Ibodova bilan qizimning o`qishi, ruhiyati haqida tez-tez suhbatlashib turaman. Hozir ingliz tiliniyam o`rganyapti. Unga juda ko`p kitob o`qib beryapman, she`r va maqollarni yod oldi. Zo`riqib qolmasmikan, degan tashvishdaman...
Besh yuzta she`r, ikki yuzdan ortiq maqol, topishmoq, tez aytishni o`rgangan Sevinchdan haqiqatan ham bularni talab qilsak, og`irlik qilmasmikan? Bu savolga harqalay psixologdan, tajribali pedagogdan javob olgan ma`qul.
Lekin bizda bu qizcha kitobga tashna, qancha bilim bersangiz, ongi tubsiz ummondek tortib olayotgandek taassurot uyg`otdi. Chunki suhbatimiz davomida bir necha marta kitob javoniga havas bilan qaragani e`tiborimizni tortdi.
- Kitoblarni tomosha qilmoqchimisan?
Sevinch tasdiq ishorasini qildi.
- O`qishga berib turaymi?
Ko`zlari quvnab ketdi.
- Birortasini tanlab ol.
U javondan Alisher Navoiyning o`n jildlik kitobidan bittasini oldi!
U kattalar ham tushunishi mushkul bo`lgan Navoiyni tanladi. Ammo Sevinchning shashtini sindirmadik. Nisbatan tushunish osonroq bo`lgan Navoiy hikmatlari to`plamini ham qo`shib berdikki, bu ham buyuk shoirni anglash sari bir yo`l bo`lsin.

...EDISONNING JAVOBI
Tomas Edisonning qo`lidagi maktubda shunday yozilgandi:
“Sizning o`g`lingiz ruhiy kasal. Iltimos, uni ixtisoslashgan boshqa biror maktabga joylashtirsangiz yoki uyda ustoz yollab o`qitsangiz yaxshi bo`lardi. Ertadan maktabga kiritmaymiz. Hurmat bilan...”
Tomasning butun hayoti ko`z oldida gavdalandi. Ko`zlari yoshga to`ldi va xotira daftariga quyidagilarni qayd etdi: “Edison juda kaltafahm bola edi. Biroq onasining beqiyos topqirligi tufayli yuksak iqtidor sohibiga aylandi!”
Darhaqiqat, onalar eng buyuk ixtirolarni yaratishga qodir xilqatdir.

Isomiddin Po`latov

    Boshqa yangiliklar