Qozog`iston Senati Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qo`mitasi raisi Darig`a Nazarboeva Osiyo "shengeni"ni yo`lga qo`yishni taklif qildi. Tengrinews shu haqida xabar berdi.
Qozog`istonlik senatorlar Sariyog`ochda O`zbekiston Oliy Majlis Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, chet el investisiyalari va turizm masalalari qo`mitasi deputatlari bilan uchrashishdi.
Uchrashuvda Darig`a Nazarboeva O`zbekiston va Qozog`istonda turizmning rivojlanishi haqida alohida to`xtaldi.
"Bir-birimizni yaxshi bilishimiz va ishonishimiz uchun turistik salohiyatni rivojlantirish juda muhim. Biz ikki mamlakat turizmini rag`batlantirish, shuningdek bu erlarga yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrifini rag`batlantirish zarurligi haqida gapirgan edik. Ular Markaziy Osiyoga kelishganida biryo`la barcha mamlakatlar va bu erlardagi diqqatga sazovor joylarni ko`rgisi keladi. Evropalik va Osiyo janubi-sharqidagi sayyohlar uchun Markaziy Osiyo yaqin manzil emas. Shuning uchun ular uzoq masofalarni bosib o`tganga yarasha bir sayohatda bir yo`la barchasini ko`rish istagi paydo bo`ladi, buning uchun esa umumiy vizani — osiyocha shengen - "Silk viza" tizimini yo`lga qo`yish kerak", - dedi Nazarboeva.
Deputat mamlakatlar turistik yo`nalishlarni birga targ`ib qilishi mumkin deb hisoblaydi.
Ma`lumot uchun: Qozog`iston va O`zbekiston o`rtasidagi tovar savdo aylanmalari 2017 yilda ikki milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilning boshidan yuqoridagi ko`rsatkich 35 foizga o`sdi.
Shuningdek, mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stona munosabatlarda madaniy-gumanitar aloqalar kengaytirilmoqda. 2018 yil Qozog`istonda O`zbekiston yili deb e`lon qilingan.






