Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiya davlatidan kelgan islomshunos olimlar ishtirokida tadbir bo`lib o`tdi, deb xabar qildi Samarqand viloyat hokimligining facebook’dagi sahifasida.
Ta`kidlanishicha, Turkiyaning nufuzli oliy o`quv yurtlari 30 dan ortiq professor-o`qituvchilari o`z yurtlarida Islom dinining o`qitilishi va foydalaniladigan adabiyotlar, manbalar haqida ma`lumot berdi.
Tadbir davomida Imom Buxoriy ilmiy tadqiqot markazi va Turkiyaning Istanbul universiteti ilohiyot fakulteti, Ibn Holdun, Kastomono va Istanbul zain universitetlari o`rtasida ilmiy hamkorlik va mutaxassislar almashinuvi bo`yicha memorandum imzolangan.
Ushbu memorandum asosida kelajakda o`zaro kadrlar almashish va Turkiya fondlarida saqlanayotgan noyob qo`lyozma asarlarini o`rganish, ularni o`zbek tiliga tarjima qilish va xalqqa etkazish asosiy maqsad qilingan.
Bundan tashqari, buyuk o`zbek allomalarining ilmiy merosini o`rganayotgan tadqiqotchilariga turkiyalik professor-o`qituvchilarning rahbarlik qilishi va, aksincha, ularning ilmiy ishlariga o`zbek olimlar rahbarlik qilishi ham rejalashtirilgan.
Xalqaro tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasini ta`sis etib, buyuk muhaddis bobomizning ilmiy merosini o`rganayotgan boshqa davlatlardagi o`rganuvchilarni rag`batlantirib borish ham nazarda tutilgan.






