Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 24-umumta`lim maktabi bitiruvchilari uchun ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi “Umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 10-11-sinflari o`quvchilariga kasbiy ta`lim berishga ixtisoslashgan o`quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan poytaxtimizdagi to`rtta kasb-hunar kolleji bazasida 10-sinf o`quvchilari uchun kasb o`rganish majmualari tashkil etilgan edi.
O`g`il-qizlar Toshkent turizm va biznes, Qo`yliq maishiy xizmat ko`rsatish, Sergeli sanoat, Sergeli engil sanoat va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejlari negizida tashkil etilgan o`quv ishlab chiqarish majmualarida ettita mutaxassislik bo`yicha kasb o`rgandi.
Tumandagi 154 korxona, muassasa va tashkilotda, jumladan, tijorat banklari, xususiy korxonalar, umumiy ovqatlanish joylari, maishiy xizmat ko`rsatish maskanlarida hamkorlik shartnomalari asosida o`g`il-qizlar amaliyot jarayonlariga jalb etildi.
O`quv yili davomida umumta`lim fanlari bilan birgalikda, hisobchilikda 439, oshpazlikda 155, sartaroshlikda 197, mehmonxona xo`jaligi xodimi yo`nalishida 76, turistik xizmatlar tashkilotchisi sohasida 51, avtomobil vositalarini ta`mirlashda 244, radiotexnika vositalarini ta`mirlash yo`nalishida 83 nafar o`g`il-qiz mutaxassis-pedagoglardan soha saboqlarini oldi.
O`quvchilar tashkil etilgan qisqa muddatli amaliyot jarayonida mutaxassisligi bo`yicha egallagan nazariy bilimlarini amalda qo`llab, malaka va ko`nikmalarini oshirayotir.






