AsosiyJamiyat

Mohir gulchilar “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandilar (foto)

'Mohir gulchilar “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandilar (foto)'ning rasmi

Namangan shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida tashkil etilgan “Gul bayrami” g`olib va sovrindorlar ma`lum bo`ldi.

Mana, bir haftadan buyon davom etayotgan 58-an`anaviy gul bayrami nafaqat Namangan shahri ahli, balki gullar diyoriga kelgan mehmonlarni birdek o`ziga maftun etib kelmoqda. Kuni kecha viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida gul bayrami g`oliblari va faol ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimi bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Marosim gul bayrami uchun maxsus tayyorlangan gimn taronasi bilan boshlandi. Taniqli shoir, “Do`stlik” oredeni sohibasi Rislig`oy Hotamova qalamiga mansub ushbu qo`shiqni bastakor Olimjon Tillaboev bastalagan. Gimnni Namangan san`at kolleji o`quvchilari – Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Shahnoza Yoqubjonova va “Iste`dod” xalqaro tanlovi g`olibi Kamron Mamadaliev ijro etishdi.

05.jpg

Yarim asrdan buyon har yili o`tkazilib kelinayotgan nafosat va go`zallik ayyomi dillarga surur bag`ishlamoqda. Bayramni tomoshasiga Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`iga oshiqayotgan yoshu keksa turfa anvoyi gullarning muattar atridan estetik zavqqa to`lmoqda. Xususan, gul bayrami doirasida birinchi martaba tashkil etilgan gullar bilan bezatilgan yuzga yaqin mashinalar ishtirokidagi paradning tarifi-yu taassurotlari hozirgacha tillardan tushgani yo`q.

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov so`zga chiqib, sifat jihatidan takomillashib borayotgan asl va navqiron gul bayrami bilan yig`ilganlarni samimiy tabrikladi. Har bir hududning o`ziga xos an`analari borligi, shu ma`noda dunyoning sanoqli davlatlardagina o`tkaziladigan gul bayrami Namanganda ham an`anaviy ravishda nishonlanayotgani, eng avvalo, barchaga faxr va g`urur bag`ishlashini ta`kidladi.

01.jpg

E`tirof etish joiz, oldinlari gul bayrami avgust oyida, u ham bo`lsa atigi ikki kun mobaynida o`tkazilardi, bayram qamrovidan esa tashkilotchilarning ko`ngillari to`lmas edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2016 yilning noyabr oyida Namanganga tashrifi chog`ida gul bayramining shakl-shamoyilini tubdan o`zgartirish bo`yicha fikr-mulohazalarini bildirib, ayyomni bahor fasliga ko`chirish va uning ko`lamini kengaytirish taklifini ilgari surgandi.

Davlatimiz rahbarining ushbu tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, gul bayrami 2017 yildan boshlab bahor kunlarida bir hafta davomida uyushqoqlik bilan tashkil etish yo`lga qo`yildi. Joriy yildagi nafosat ayyomi esa o`zining shaklu shamoyili, betakrorligi, dizayni jihatidan avvalgilaridan tubdan farq qildi. Bundan namanganliklar behad xushnud bo`ldi. Viloyatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida imkoniyat eshiklari ochildi. Qayd etish joiz, bu yilgi gul bayramiga o`tgan etti kun mobaynida Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Quvayt, Bahrayn, Koreya, Xitoy kabi 14 ta davlatdan 300dan ziyod turist tashrif buyurdilar.

04.jpg

Tantanali marosimda O`zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Mehri Abdullaeva, Yahyobek Mo`minov, Samandar Hamroqulov, “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari Malika Egamberdieva, Gulasal Abdullaeva, estrada xonadalari Otabek Muhammadzohid, Munisa Rizaeva, Qilichbek Madaliev ijrosidagi dilrabo kuy-qo`shiqlar davraga yanada ko`tarinki tarovat kiritdi.

02.jpg

Tadbirning hayajonlari damlari yaqinlashib, g`olib va sovrindorlar, turli nominasiyalar egalari nomi ma`lum qilindi. Oliy o`rin sohiblari uchun ajratilgan 2 ta “Spark” avtomobiliga gulchi Mirzohid Xolmirzaev hamda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati jamoasi sazovor

bo`ldi.

Bobur bog`ida “Men O`zbekistonni sevaman” va “Men Namanganni sevaman” nomli maxsus gul kompozisiyalarini havola etishga munosib hissa qo`shgan viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari “Vatan kuychisi” va “Vatan tuyg`usi” nominasiyalariga loyiq deb topildi.

Shuningdek, gul bayramida birinchi o`rinni egallagan gulchi Azizbek Mamajonov va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, ikkinchi o`rinni olgan Sadriddin Qodirov va Namangan shahar xalq ta`limi bo`limi, uchinchi pog`onani band qilgan Jo`raxon Mo`minov va Namangan muhandislik-qurilish instituti jamoalari ham diplom, qimmatbaho esdalik sovg`alari bilan taqdirlandilar.

Darvoqe, Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida Namangan ahli va mehmonlarga zavqu shavq ulashayotgan gul sayillari iyun oyining yakuniga qadar davom ettiriladi.

    Boshqa yangiliklar