Yaqin kunlarda yozuvchi Luqmon Bo`rixonning “Olov tutgan odam” nomli romani nashrdan chiqadi. Ushbu badiiy asarda muallif O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov faoliyatining o`ta muhim bir davri, u kishining Qashqadaryo viloyatida rahbarlik qilgan yillarini qalamga olgan.
O`tgan asrning 80-yillari sobiq Ittifoq parchalana boshlagan, O`zbekiston Respublikasi og`ir va azobli kunlarni boshidan kechirgan, xalqimizga malomat toshlari otilgan, “O`zbek ishi”, “Paxta ishi” degan haqoratomuz iboralar paydo bo`lgan davr edi.
Yuzlab, minglab yurtdoshlarimiz nohaqdan-nohaq qamoqqa tashlangan, quvg`in qilingan, el-ulusda tushkunlik, ishonchsizlik, umidsizlik kayfiyati ustuvor edi.
Mana shunday g`oyat chigal va murakkab paytda Islom Karimov Qashqadaryo viloyatiga rahbar etib tayinlandi. Romanda bosh qahramonning jasorati, xalqparvarligi, adolatparvarligi yorqin ifodalangan. U, eng avvalo, odamlarda ertangi kunga ishonch, umid uyg`otish zarurligini anglab, aynan shu yo`nalish bo`yicha ilk faoliyatini boshladi. O`sha davrda hukm surgan qog`ozbozlik, buyruqbozlik, balandparvozlik kabi illatlarga barham berishga urindi, xalq bilan yuzma-yuz gaplashdi, muammolarni ochiq-oydin o`rtaga tashlab, ularni bartaraf etish yuzasidan kengashdi. Ayniqsa, “Paxta ishi” kasofatidan jabr ko`rgan oilalarga yordam qo`lini cho`zdi, ularning dardiga malham bo`lishga intildi.
Luqmon Bo`rixon o`z qahramonini faqatgina qattiqqo`l va talabchan rahbar, davlat va siyosat arbobi sifatida tasvirlash bilangina cheklanib qolmadi. Balki, roman mutolaasi jarayonida Islom Karimovni daryodil inson, yuragi quvonchu g`ussalarga limmo-lim oddiy bir odam sifatida ham tasavvur etish mumkin.
E`tiboringizga adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, “Jahon adabiyoti” jurnalining sobiq bosh muharriri Shuhrat Rizaev tomonidan yozilgan muqaddimadan bir parcha havola etamiz.
Buyuk shaxs haqida roman
Bu asar qo`lyozmasi bilan ilk tanishib chiqqan o`quvchilardan biri, hoynahoy, men bo`lsam kerak. O`sha voqeaga ham, adashmasam, etti-sakkiz yildan oshib qoldi. O`shanda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qo`limga og`irgina bir jild tutqazildi. Yurtboshimizning Qashqadaryo viloyatida rahbarlik qilgan davri haqida yozilgan roman, o`qib, fikr bildirsangiz, deyishdi. Ochig`i, avvaliga anchagina ajablandim, ularning gaplariga ishonmaganday bo`ldim. Axir bu o`ta jiddiy va mas`uliyatli mavzu, har kim ham bu mavzuda qog`oz qoralashga jur`at etolmaydi, degan o`y xayolimdan o`tdi. Bemaslahat, bekengash shunday zalvarli yukni elkasiga olgani uchun yozuvchi Luqmon Bo`rixonni ich-ichimda koyib ham qo`ydim, uning qilgan mehnatiga achindim. Axir ne bir nomdor adiblar ham bu mavzuga botina olishmagan. Luqmon Bo`rixon ular oldida ancha yosh, tajribasiz tuyulardi, nazarimda. Xullas, shunday kayfiyatda qo`lyozmani varaqlashga tutindim. Ammo shuhba-gumonlarim behuda ekan. Qo`lyozmaning so`nggi sahifasini o`qib chiqqan paytimda ko`nglimda qandaydir quvonch, zavq paydo bo`ldi. Luqmon Bo`rixon uddalabdi! Uning asari mavjud ijtimoiy-siyosiy jarayonga, shuningdek, adabiyotning azaliy talablariga deyarli javob berardi. Albatta, maromiga etmagan, yana bir karra ter to`kishga undaydigan jihatlar ham talaygina edi. Biz yozuvchiga bu borada o`z fikr va takliflarimizni bildirdik. Luqmon yo`l-yo`riqlarimizni inobatga olib o`z asarini tag`in ikki-uch marta qayta ishladi. Natijada, O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, atoqli davlat va jamoat arbobi Islom Abdug`anievich Karimov hayoti va faoliyatiga oid pishiq-puxta, hujjatli-badiiy roman dunyoga keldi. Bugun u keng o`quvchilar ommasiga havola etilmoqda.
... Shu o`rinda bir savol tug`iladi: yozuvchi Luqmon Bo`rixon O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov hayoti va faoliyati haqida badiiy asar yaratar ekan, nega aynan u kishi Qashqadaryo viloyatida ishlagan davrni mavzu qilib oldi? Chunki mustaqillik, ozodlik g`oyalari bu insonda ilk bor o`sha kezlari kurtak ota boshlagan edi. Bu haqda, keyinchalik, Islom Karimovning o`zi katta yig`inlarda so`zlaganidan, ayrim asarlarida qayd etganidan ko`pchilik xabardor.
O`sha davrda viloyat rahbari qashqadaryoliklar misolida butun O`zbekiston xalqining dardini, muammolarini ko`ra bildi. Paxta yakkahokimligini, barcha shart-sharoitlar mavjud bo`lsa-da, respublikani rivojlantirish masalasiga markazdagilar atay panja orasidan qarayotganligini anglab etdi. Bu qullik va qaramlikdan qutulish yo`li bitta, u ham bo`lsa, Mustaqillikni qo`lga kiritish kerak ekanligini butun borlig`i bilan his etdi. Islom Karimov shunday ulug`vor kechinmalar, orzu-istaklar og`ushida yurgan kezlari O`zbekiston rahbarligiga saylanadi.
Shuhrat RIZAEV,
filologiya fanlari nomzodi






