AsosiyDunyo

Bashar Asad Shimoliy Koreyaga bormoqchi

'Bashar Asad Shimoliy Koreyaga bormoqchi'ning rasmi

Suriya Prezidenti Bashar Asad, KXDRga rasmiy tashrifni amalga oshirish va mamlakat rahbari Kim Chen In bilan uchrashish niyatini bildirdi. Bu haqda yakshanba kuni «Rodong Sinmun» gazetasi xabar qilgan.

Asad 30 may kuni KXDRning Suriyadagi yangi elchisiga ishonch yorlig`ini topshirish marosimida tegishli bayonotni e`lon qilgan. «Men KXDRga tashrif buyurish va mamlakat rahbari Kim Chen In bilan uchrashishga qat`iy qaror qilaman», - deb uning so`zlarini keltiradi gazeta.

Suriya prezidenti, shuningdek, Shimoliy Koreya rahbariyatining siyosati tufayli so`nggi vaqtlarda Koreya yarim orolida ijobiy o`zgarishlar kuzatilganini ta`kidladi. “Suriya hukumati KXDRning siyosiy yo`nalishini qo`llab-quvvatlashda davom etadi”, deya qo`shimcha qilgan Asad.

Eslatib o`tamiz, 2018 yil boshida Pxyonchxan shahrida bo`lib o`tgan Olimpiya o`yinlari arafasida Koreya yarim orolida vaziyat yaxshilandi. Seul va Pxenyan o`rtasidagi munosabatlarda esa isish kuzatildi. Keyinchalik Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In va KXDR rahbari Kim Chen In ishtirokida oliy darajadagi uchrashuvlar o`tkazildi. 12 iyunda Singapurda Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar