Joriy yilning 5-8 iyun kunlari Toshkent shahrida «Atrof-muhitni himoyalash va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni mustahkamlash» mavzuida Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag`ishlangan ushbu forum O`zbekiston Hukumati, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forumni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad mintaqani barqaror rivojlantirish strategiyasini birgalikda shakllantirish va bu jarayonda davlat, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va biznes o`rtasida muloqotni mustahkamlashga ko`maklashishdan iboratdir.
– Bugungi kunda ekologiya global muammoga aylanmoqda, – dedi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisi Bahrom Qo`chqorov. – Shu maqsadda biz barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, biznes va ilmiy hamjamiyatni birlashtirgan holda mintaqaviy muammolarning echimini topishga yo`naltirilgan va o`zaro muvofiqlashtirilgan amaliy choralarni ishlab chiqish uchun samarali maydon barpo etishga e`tibor qaratmoqchimiz. Bu maydon manfaatli aloqalarni birlashtiruvchi va ular echimini hal etuvchi ishonchli maydon bo`lib qoladi.
–“MOXEF-2018” forumi mamlakatlar o`rtasida muammolarning echimini topishga qodir bo`lgan aniq loyihalarni belgilab olish imkonini beradi, – dedi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi ijrochi direktori diretori Iskandar Abdullaev. – So`nggi yillar ichida Markaziy Osiyoda o`zaro ta`sir sezilarli darajada yaxshilandi. Masalan, suv masalalari bo`yicha. Siyosiy erkinlik shunday vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo`ldiki, endilikda suvga hamkorlik predmeti, deb qaramoqdamiz. Bu esa masalalarni birgalikda hal etishga imkon tug`dirdi. Bizning o`zaro hamkorligimiz nafaqat ekologik muammolarni hal etish, balki iqtisodiy salohiyatimizni oshirishga ham hissa qo`shadi.
“MOXEF-2018” tadbirining rasmiy ochilish marosimi 5 iyun kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida o`tkaziladi. Unda Markaziy Osiyo va Afg`onistonning ekologiya bo`yicha idoralari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar vakillari hamda forum tashkilotchilari ishtirok etadi.
Ekologiya forumi doirasida bir qancha tadbirlar, jumladan, ixtisoslashtirilgan ko`rgazma va ekologik toza texnologiyalar biznes-forumi ham bo`lib o`tadi. Ko`rgazmada O`zbekiston, Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Fransiya, Koreya Respublikasi, Armaniston, Vengriya, Chexiya Respublikasi, Latviya va Shveysariya davlatlaridan 40 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini namoyish etadi.






