Quvasoy shahrida “Kvars” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2,5 gektar hududda qorabayir zotli otlarni ko`paytirishga ixtisoslashtirilgan mazkur majmua tashkil etildi, deb xabar berdi O`zA.
Bu maskan tashqi va ichki bozorni naslli otlar bilan ta`minlash bilan birga o`zbek ot sportining jahonda etakchi o`ringa chiqishida poydevor vazifasini o`taydi. Shuningdek, yilqichilikda turli inovasion g`oyalar va ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda muhim baza bo`lib xizmat qiladi.



Bu erda milliy iftixorimiz hisoblangan qorabayir zotli otlarning naslini yaxshilash, sonini ko`paytirish, milliy va klassik sport turlariga mos yo`nalishlarini yo`lga qo`yish ishlari olib boriladi. Majmuada otlarning ko`rgazmali chiqishlarini namoyish etish va sport musobaqalarini o`tkazish uchun 180 o`ringa mo`ljallangan tomosha maydoni qurilgan. Shuningdek, bu erda otboqarlarni o`qitish kurslari, ippotreapiya (ot bilan davolash) markazi tashkil etiladi hamda sayyohlar uchun turizm yo`nalishida otlarda sayr qilish xizmatlari yo`lga qo`yiladi.
Majmuaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda ot sporti bo`yicha ko`rgazmali chiqishlar namoyish etildi.






