Farg`onada “Yilning eng faol yosh shifokori” ko`rik-tanlovining viloyat bosqichi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi O`zA.
Unda quyi bosqichlarda g`oliblikni qo`lga kiritgan hamda tibbiyot maskanlarida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar diagnostika, davolash amaliyotlariga innovasion yondashuv bo`yicha bilim va mahoratini sinovdan o`tkazdi.
Tanlov yakunlariga ko`ra, Quva tumani tibbiyot birlashmasining umumiy amaliyot shifokori Javohir Soliev birinchi o`ringa loyiq topildi. Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi umumiy amaliyot shifokori Shohruh Axmadaliev ikkinchi, viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi kardioxirurgi Javlonbek Mo`ydinov uchinchi o`rinni egalladi.
– “Avtomobillar xavfsizlik kamari uchun maxsus fiziodavolovchi qurilma” loyihasi bilan qatnashdim, - deydi tanlov g`olibi J.Soliev. - Men taklif qilayotgan maxsus fiziodavolovchi g`ilofning maqsadi fuqarolarimiz xavfsizlik kamariga oddiy bir buyum sifatida emas, balki turli kasalliklar oldini oluvchi va ularni davolovchi qurilmaning asosiy qismi sifatida qarashlarini rivojlantirish va bu orqali fuqarolarimizning xavfsizlik kamaridan foydalanish ko`rsatkich foizini oshirish, avtohalokatlardan jabrlanish darajasini pasaytirishdir.






