Qoraqalpog`iston Respublikasida 2018 yilning yoz mavsumida faoliyat yuritadigan 27 oromgohda 11 ming 280 bola hordiq chiqaradi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Qoraqalpog`iston Respublikasi shahar va tumanlaridagi kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan oilalarning 200 nafar farzandlari yozgi ta`tilni Toshkent viloyatidagi “Sumcha” bolalar yozgi dam olish oromgohida o`tkazadi.
– Har yili yoz mavsumida Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlaridagi dam olish oromgohlarida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan qoraqalpog`istonlik Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo`qotgan oilalar farzandlari, jami 3 ming bola sog`lomlashtiriladi, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi mutaxassisi R.Tangirbergenov. – Bugun ham ana shunday oilalarning 200 nafar farzandi Toshkent viloyatiga jo`nab ketdi. Umuman, 2018 yilning yoz mavsumida bolalarni oromgohlarga jalb etish va sog`lomlashtirishga jiddiy tayyorgarlik ko`rildi. Qoraqalpog`iston Respublikasidagi oromgohlar 5 iyundan bolalarni bag`riga chorlaydi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida 2018 yilning yoz mavsumida faoliyat yuritadigan 27 oromgohda 11 ming 280 bola hordiq chiqaradi. Shundan Ellikqal`a tumanidagi “Orol bolalari”, To`rtko`l tumanidagi “Lochin”, Taxiatosh tumanidagi “Oydin yo`l”, Nukus shahridagi “Yosh avlod”, “Orol” stasionar dam olish markazlarida 3 ming 395 bola, 22 kunduzgi oromgohda 7 ming 885 bola sog`lomlashtiriladi.
Barcha oromgohlarda yong`in xavfsizligi ta`minlangan, tibbiy xonalar yangidan tashkil qilingan. Bolalarning kitobxonlik madaniyatini, ularning bilimini oshirish uchun badiiy, ijtimoiy va ilmiy kitoblarga ega kutubxonalar faoliyat yuritadi.
Dam olish mavsumini mazmunli o`tkazish maqsadida madaniy-ma`rifiy tadbirlar tashkil qilinadi, taniqli fan va san`at arboblari bilan uchrashuvlar o`tkaziladi. Ingliz tili to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
01.06.2018 15:37
200 nafar qoraqalpog`istonlik bola Toshkent viloyatidagi “Sumcha” oromgohida yozni o`tkazadi






